Chilonzor tuman ma’muriy sudiga «Hayrabod» mahalla fuqarolar yig‘ini Toshkent hokimiyati mansabdor shaxsi tomonidan chiqarilgan qarorni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha shikoyat-ariza bilan murojaat qildi. Sud majlisida o‘rganishlar asosida quyidagilar aniqlandi. Bu haqda Chilonzor tuman Ma’muriy sudining raisi Abdullajon Muhiddinov O‘zAga xabar berdi.

«Hayrabod» mahalla fuqarolar yig‘ini 50 yildan buyon hududdagi 3-tor Hayrabod ko‘chasi, 13-manzilda joylashgan «Otalar choyxonasi» binosidan foydalanib kelgan. Toshkent shahar Yer resurslari va mulk kadastri xizmati davlat korxonasining arxiv hujjatlariga ko‘ra 995 kv.m. yer maydonida joylashgan binoning 555 kv.m. qismi «Hayrabod» MFY nomiga kadastr hujjatlari bilan rasmiylashtirilgan.

Biroq 23.05.2017 yilda Toshkent shahar hokimining 630-sonli qarori asosida ushbu binonining huquqiy holati aniqlanmasdan, o‘rnatilgan tartibda egasiz deb topilib, davlat tasarrufiga qabul qilinmasdan qonunga zid ravishda «XALOL SUT MAZASI» MCHJga ajratib berilgan.

Sud qonun talablari va aniqlangan holatlardan kelib chiqib, «Hayrabod» mahalla fuqarolar yig‘inining shikoyat-arizasini asosli deb hisobladi hamda Toshkent shahar hokimining yuqorida qayd etilgan qarorini haqiqiy emas deb topdi.