Xalq ta’limi vazirligi darsliklar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, mualliflar bilan ishlash, yangi avlod darsliklarini yaratish maqsadida Darsliklar ilmiy-tadqiqot institutini tashkillashtirishni taklif etmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

XTV O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Darsliklar ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, Darsliklar ilmiy-tadqiqot instituti umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasidagi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni o‘rganish, yaratish hamda ularni ta’lim tizimida qo‘llanilishi bo‘yicha xulosa beruvchi yagona ilmiy-tadqiqot olib boruvchi muassasa bo‘ladi.

Darsliklar ilmiy-tadqiqot instituti davlat ta’lim standartlari va o‘qitishning sifat jihatidan zamonaviy tizimiga mos tarzda tashkil etiladi. Shuningdek, o‘quvchilarda tahlil qilish, bilimlarni mustaqil o‘zlashtirish, amaliyotda qo‘llay olishning hayotiy malaka va ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladigan darsliklar hamda o‘quv-metodik majmualarning ilmiy asoslangan yangi avlodini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib boradi.

Shu bilan birga, institut bolalarning turli yosh guruhi, psixologik xususiyatlarining o‘ziga xosligini e’tiborga olgan holda yangi avlod darsliklar, o‘quv-metodik majmualar, shuningdek ta’limiy axborot vositalarini takomillashtirishda milliy hamda xorijiy tajriba, zamonaviy ishlanmalarning mazmuni va tuzilishini kompleks o‘rganadi.

Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning sifati, mazmunini tahlil qilish bo‘yicha xalqaro ilg‘or tajribalarga asoslangan yagona baholash mezonlarini ishlab chiqish, ekspertiza qilish, aprobatsiyadan o‘tkazish jarayoniga ilmiy va uslubiy ko‘rsatma berish Darsliklar ilmiy-tadqiqot institutining asosiy vazifalari sirasiga kiradi.

Darsliklar ilmiy-tadqiqot institutining xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni doirasida shakllantiriladi va ularga respublika ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlar bo‘yicha xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.