1−22-iyun kunlari Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi Prezident maktablarida hujjatlarni qabul jarayoni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Joriy yilda Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentdagi Prezident maktablariga o‘quvchilar 5−10-sinflariga, kelgusi yillardan boshlab esa 5-sinfga qabul qilinadi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida nomzodlar Prezident maktablarining pm.xtv.uz. rasmiy saytiga hujjat topshirishlari mumkin. Onlayn qabul 21-iyun kuni soat 24: 00da yakunlanadi.

Bundan tashqari, internetdan foydalanish imkoniyati yo‘q ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi qabul markazlarida ham hujjatlar qabul qilinadi. Hujjatlarni qabul qilish jarayoni 22-iyun kuni soat 17:00 da yakunlanadi. 17:00 dan boshlab hujjatlar qabul qilinmaydi va ko‘rib chiqilmaydi.

Hujjatlarni topshirish faqat ariza beruvchining tahsil olayotgan hududi bo‘yicha amalga oshiriladi. Arizachi o‘qiyotgan maktabning hududiy joylashuvi Prezident maktabi ochilayotgan hududga mos kelishi kerak. Boshqa viloyatlar maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilar 2020−2021-yillarda respublikamizning boshqa viloyatlarida tashkil etiladigan Prezident maktablariga hujjat topshirishi mumkin.

Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi Prezident maktablari uchun tanlov jarayonini nazorat qiladi. Mazkur tashkilot butun dunyoda o‘tkazadigan imtihonlari jarayonida adolat va shaffoflikni ta’minlaydi.

Imtihonlarning asosiy bosqichi axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha (16 ta masala), mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan (24 ta masala) hamda ingliz tili (55 ta test savoli) fanlaridan iborat bo‘ladi. O‘quvchilar to‘plagan ballarning asosiy qismi (80 foizi)ni tanqidiy fikrlash va mantiqiy bilimni talab etuvchi topshiriqlarni bajarish orqali yig‘ishlari mumkin.

Ballarning faqat 20 foizigina ingliz tili faniga to‘g‘ri keladi. Shu bois nomzodlar ingliz tilidan mukammal tayyorgarlikka ega bo‘lmay, tanqidiy va mantiqiy fikrlash qobiliyati yaxshi rivojlangan bo‘lsa ham, ularning Prezident maktablariga qabul qilinish ehtimoli yuqoriligicha qoladi. Nomzodlar istagiga ko‘ra ushbu yo‘nalishdagi imtihon savollari ingliz tilida emas, davlat tilida berilishi mumkin.

Yuqori sinf o‘quvchilari uchun ingliz tilining ahamiyati qariyb 40 foizdan ziyod bo‘lishi kutilmoqda. Sababi ular kelgusida xorijlik o‘qituvchilar o‘tadigan STEAM-fanlarni o‘rganish uchun yetarli salohiyatga ega bo‘lishlari zarur. O‘quvchi xohishiga ko‘ra tanqidiy fikrlash va mantiq bo‘yicha imtihonlarni ingliz tilida ham topshirilishi mumkin.

Agar talabgorlar bir xil miqdorda ball yig‘sa qabul komissiyasi nomzodlar bilan suhbat o‘tkazadi. Suhbatda o‘quvchining ota-onasi (qonuniy vakillari), zarur hollarda esa, psixolog hamda tibbiyot xodimlari ham ishtirok etishi mumkin. Mazkur jarayonda audio va videotasvirga olishga ruxsat beriladi.

Cambridge Assessment International Education qaroriga ko‘ra, nomzodlar va ularning ota-onalari imtihon natijalari yuzasidan apellyatsiyaga berish hamda imtihon ishlarini tekshirish huquqiga ega emas.

Prezident maktablari internat sifatida faoliyat yuritadi. Ya’ni, o‘quvchilarga haftaning 5 kuni mobaynida maktabda o‘qish va yashash imkoni beriladi. Dam olish kunlari ota-onalar farzandlarini uyga olib ketishlari mumkin.

Prezident maktablari o‘quvchilari bepul ovqat va maktab formasi bilan ta’minlanadi.

Prezident maktablaridagi o‘qitish jarayoni “STEAM — ta’lim” (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san’at, Mathematics — matematika) dasturi bo‘yicha amalga oshiriladi.