Oltita xalqaro tashkilot O‘zbekiston hukumatini huquq himoyachilari Agzam Turg‘unov va Dilmurod Saidovni kuzatish hamda qo‘rqitishni to‘xtatish, ularga huquq himoyasi borasidagi o‘z faoliyatini to‘siqlarsiz davom ettirishga imkon berishga chaqirdi. Amnesty International, «Markaziy Osiyoda inson huquqlari» assotsiatsiyasi, «Fuqarolik huquqlari himoyachilari», Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashkilotlari, Norvegiya va Polsha Inson huquqlari bo‘yicha Xelsinki qo‘mitasi 13 may kuni qo‘shma bayonotni e’lon qildi.

Bayonotda qayd etilishicha, tinch faollar ortidan kuzatishni to‘xtatish haqidagi bayonotiga qaramasdan, hukumat ushbu amaliyotni davom ettirmoqda.

Tashkilotlarning tasdiqlashlaricha, Agzam Turgunov va Dilmurod Saidov doimiy ravishda xavfsizlik xizmatlari tomonidan nazorat qilinmoqda, ular kuzatuvlar, qo‘rqitish va tahdidlarga to‘qnash kelmoqda. Agzam Turg‘unovga qarshi «shubhali» ma’muriy ayblovning e’lon qilinishi, tashkilotlar fikricha, uning huquqni himoya qilish borasidagi faoliyati kuzatuvda ekanidan dalolat beradi.

Hukumat Turg‘unovning huquqni himoya qilish guruhini ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortgan. 28 fevral kuni Turg‘unov, Saidov va sobiq siyosiy mahbus A’zam Farmonov «Adolatni tiklash» huquqni himoya qilish tashkilotini ro‘yxatga olish bo‘yicha ariza topshirgan. Ariza 29 mart kuni ro‘yxatga olish jarayoniga aloqador rasmiy asoslar bo‘yicha rad etilgan.

«Biz prezident Shavkat Mirziyoyevni barcha huquq himoyachilari va faollar xavfsizligi, mustaqilligi va erkin faoliyatini ta’minlashga chaqiramiz», — dedi Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti direktori Brijit Dyufor.

Huquq himoyachilari Agzam Turg‘unov (2008 yilda qamalgan) va A’zam Farmonov (2006) 2017 yil oktyabrida qamoqdan ozod etilgan edi. 2012 yilda 12 yil va 6 oy muddatga hukm qilingan jurnalist Dilmurod Saidov esa 2018 yil fevralida shartli ravishda muddatidan oldin ozod qilindi.