BMT terroristlarning harakatlanishini kuzatish va ularning boshqa mamlakatlarga ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ymaslikka yordam beruvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. Bu borada birinchi hisoblangan strategiya 7 may kuni Nyu-Yorkda BMTning Kontrterror boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov taqdim etdi, deya xabar berdi BMT Yangiliklar markazi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish uchrashuvda so‘zga chiqar ekan, so‘nggi bir necha yilda bir ojarolar hududidan boshqasiga keng miqyosda harakatlanayotgani kuzatilayotganini eslatib o‘tdi. «Ikki yilcha avval biz Suriya va Iroqdagi terroristik guruhlarga dunyoning 110 davlatidan 40 mingga yaqin chet ellik jangarilar qo‘shilganini aniqlagan edik», — dedi u.

Juda ko‘plab terrorchilar allaqachon Xavfsizlik kengashi sanksion ro‘yxatiga kiritilgan, bu ularning safarlar bo‘yicha xalqaro taqiqda ekanini anglatadi. Biroq ular ushbu taqiqni aylanib o‘tmoqda.

Suriya va Iroqdagi harbiy yo‘qotishlar va hudud ustidan nazoratni boy berganidan so‘ng ISHID va boshqa terroristik tuzilmalar yashirin mintaqaviy tarmoqlarni kengaytirishga o‘tdi. Jangarilardan ayrimlari vataniga qaytish, boshqa mojaroli hududlardagi guruhlarga qo‘shilish yoki xavfsiz boshpana topishga harakat qilmoqda.

Ularning ko‘pchiligi juda yaxshi o‘qitilgan va yangi joylashgan yerida teraktlarni amalga oshirishi mumkin. Qoidaga ko‘ra, terroristik tashkilotlar jangarilarni soxta safar hujjatlari bilan ta’minlovchi kriminalitetlar bilan yaqin hamkorlik qiladi.

BMT dasturi terrorchilarni aniqlash va terroristik hujumlarning oldini olish maqsadlarida chegara punktlari, jumladan aeroportlarda nazorat, tekshiruv va ko‘zdan kechirish jarayonlarini mustahkamlashga chaqiradi.

Avvalroq BMT Xavfsizlik kengashi o‘z rezolyutsiyalaridan birida aviatsion kompaniyalardan sanksion ro‘yxatdagi shaxslarni aniqlash uchun hukumatlarga oldindan yo‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishni talab qilgan edi. Bunday oldidan ogohlantirish tizimi aeroportlarda tekshiruv va ko‘zdan kechirish jarayonlarini mustahkamlash hamda aeroportlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgandir.