Farg‘onada mahalla posboni vazifasida ishlagan fuqaro o‘zaro janjal oqibatida og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxsning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

R.O. Furqat tumanidagi «Chek ko‘prik» mahalla fuqarolar yig‘inida jamoatchilik tuzilmasi rahbari vazifasida ishlardi. U 2018 yil 27 oktyabr kuni soat 22−00larda hamqishlog‘i bilan spirtli ichimlik ichib, uyiga qaytayotganida mast bo‘lgan qo‘shnisi K.S. bilan o‘zaro gap talashib, janjallashadi.

Janjal davomida K.S. mahalla posbonining yuz qismiga bosh sohasi bilan bir marotaba urib, yengil tan jarohati yetkazgan. R.O. qo‘shnisini tinchlantirish o‘rniga mushtlashishni davom ettirib, qo‘l va oyoqlari bilan yuz qismiga va badanining turli sohalariga qasddan bir necha marotaba urib, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan. K.S.ning murdasi shu joydagi yo‘l chetidan oqib o‘tuvchi zovur ichidan topilgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida R.O.ning yashash xonadonidan bir juft oyoq kiyim va yonib ketgan kiyimlarning qoldiqlari xolislar ishtirokida daliliy ashyo tariqasida olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tuman sudida R.O.ning jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.