Bepul huquqiy maslahat berishga mo‘ljallangan www.advice.uz portali rasman ish boshladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Portal orqali mehnat, oila, ijtimoiy himoya, soliq, uy-joy, sog‘liqni saqlash, transport va boshqa sohalardagi qonunchilik haqida ma’lumot olish mumkin.

«Advice.uz"da ma’lumotlar mazmuni aniq va maqsadli, tili sodda va tushunarli, foydalanuvchilarga qulay shaklda joylashtirilgan.

Ma’lumotlar bilan o‘zbek va rus tillarida, portalning «Chet elliklarga eslatma» bo‘limi bilan esa arab, xitoy, rus, ingliz, fransuz, ispan tillarida tanishish mumkin.

Bundan tashqari, portalda maxsus onlayn-maslahatchi xizmati orqali ham huquqiy masalalarga yechim topish imkoniyati yaratilgan.

Adliya vazirligi, Buyuk Britaniyaning mashhur «Citizens Advice» tarmog‘i tajribalari asosida yaratilgan mazkur ijtimoiy loyiha orqali huquqiy muammolaringiz yechimini tezkorlik bilan topishingizga umid qiladi.

Tez orada respublikaning har bir tuman (shahar)ida «Advice.uz"ning maslahat byurolari o‘z faoliyatini boshlaydi. Mazkur byurolar orqali ham turli hayotiy masalalar yuzasidan bepul huquqiy maslahat olish mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil uchun mo‘ljallangan Davlat dasturida Adliya vazirligiga fuqarolarga bepul huquqiy maslahat berishga mo‘ljallangan «Advice.uz» interaktiv axborot portalini tashkil etish vazifasi yuklangan edi.

https://t.me/huquqiyaxborot