O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 aprel kuni O‘mon Sultonligi, Qirg‘iziston Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Indoneziya Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Ahmad bin Said Kasiriy, Ibragim Junusov, Mehmet Sureyya Er, Sunario Kartadinata hamda Darxan Satibaldidan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev elchilarni samimiy tabriklab, ularga mas’uliyatli diplomatik missiyani bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston tashqi siyosatida o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Bugun xalqaro maydonda O‘zbekistonga ochiq, ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida qaralmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi faoliyati takomillashtirilmoqda, tashqi siyosatning iqtisodiy yo‘nalishi salmoqli darajada kuchaydi. Bugungi kunda O‘zbekiston elchilari savdo, investitsiya va turizm masalalari bilan faol shug‘ullanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishonch yorliqlarini topshirish marosimidagi nutqida yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikning muhim yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi va O‘mon Sultonligini do‘stlik va mushtarak diniy qadriyatlar bog‘lab turgani ta’kidlandi.

Biz O‘monni o‘z mintaqasida va arab-musulmon olamida munosib o‘ringa ega, chuqur o‘ylangan tashqi siyosat olib borayotgan mamlakat sifatida e’tirof etamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston va O‘mon o‘zaro munosabatlarni yanada kengaytirish hamda ularni tizimli va uzoq muddatli asosda rivojlantirishga intilayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, fan-texnika sohalaridagi hamkorlikni, ta’lim yo‘nalishidagi aloqalarni faollashtirish muhimligiga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston ko‘p asrlik an’anaviy do‘stlik, qardoshlik va o‘zaro hurmat rishtalari bilan bog‘langan.

Prezident keyingi yillarda davlat rahbarlari darajasida ochiq va ishonchga asoslangan muloqot o‘rnatilgani, samarali O‘zbekiston-Qirg‘iziston strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Faol parlamentlararo munosabatlar, hududlararo aloqalar mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi, savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan mamlakatlar o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklik bundan buyon ham izchil mustahkamlanib borishiga ishonch bildirildi.

Turkiya katta siyosiy, iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega davlat. Keyingi paytda O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasining o‘zapo hurmatga asoslangan aloqalari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning o‘tgan yilgi O‘zbekistonga davlat tashrifi hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.

Bugungi kunda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashi birinchi yig‘ilishining o‘tkazilishi ko‘p qirrali munosabatlarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Indoneziya O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyodagi an’anaviy do‘stona hamkori. Mamlakatlarni ma’naviy-diniy qadriyatlar mushtarakligi bog‘lab turadi.

Mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi o‘sib bormoqda, turli tarmoqlarda, jumladan, ziyorat turizmi sohasida qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari yaxshi qo‘shnichilik, mustahkam do‘stlik va qardoshlik rishtalariga asoslangan. Mamlakatlarimiz har tomonlama hamkorlikni faol rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan o‘rnatilgan ishonchli va samimiy muloqotni alohida qayd etdi.

Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning joriy yil 14−15 aprel kunlari O‘zbekistonga bo‘lajak birinchi davlat tashrifi strategik sheriklikni kengaytirishiga ishonch bildirildi.

Prezident yangi tayinlangan elchilar professional va hayotiy tajribasi, boy bilimi bilan mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan diplomatik faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga umid bildirdi.

O‘z navbatida, elchilar samimiy qabul uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlik va samarali sheriklikni yanada rivojlantirishga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini qayd etdi.