O‘zbekiston Moliya vazirligi yevrobondlarni joylashtirishdan olingan mablag‘lar nima uchun banklar depozitlariga va Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarz ko‘rinishida berilishini izohladi.

Prezidentning 2 apreldagi qarori bilan 1 mlrd dollar miqdoridagi 5 va 10 yillik suveren xalqaro obligatsiyalaridan tushgan mablag‘larni oluvchilar ro‘yxati tasdiqlandi:

889,2 mln dollar auksion orqali tijorat banklarining depozitlariga joylashtiriladi;

20 mln dollar «Agrobank» ATBga qarz sifatida beriladi;

89,9 mln dollar «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasiga ssuda sifatida beriladi.

Moliya vazirligining qayd etishicha, O‘zbekistonda yetarli darajada fiskal zaxiralar mavjudligi va makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanayotgan bir vaqtda suveren xalqaro obligatsiyalarining chiqarish zamirida qo‘shimcha mablag‘larga ehtiyoj yoki byudjet defitsitini qoplash emas, balki quyidagi strategik maqsadlar yotadi

Suveren xalqaro obligatsiyalarini jahon moliyaviy bozorlarida joylashtirilishi mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini xalqaro investorlarga batafsil namoyish etib, xorijiy investorlar uchun respublikamizga investitsiya kiritishda suveren riskini to‘g‘ri baholash uchun imkoniyat yaratdi.

O‘zbekistonning 5 va 10 yillik suveren xalqaro obligatsiyalari bo‘yicha yillik foiz to‘lovlari mos ravishda 4,75% va 5,375% darajasida belgilanishi xalqaro investorlar tomonidan O‘zbekiston bilan bog‘liq risklarning mo‘’tadil daraja baholanishini ko‘rsatmoqda. Obligatsiyalar chiqarilishidan oldin, ko‘plab xorijiy investorlar 10 yillik O‘zbekiston suveren riski uchun to‘lovni 6−8% dan ortiq baholaganlar.

Suveren xalqaro obligatsiyalarining muvaffaqiyatli joylashtirilishi O‘zbekiston uchun bozorda «benchmark» yaratib, yirik davlat korxonalari va banklari uchun jahon moliya bozorlarida o‘z obligatsiyalarini joylashtirish va investitsion loyihalarini mustaqil ravishda moliyalashtirishga o‘tkazish uchun zarur zamin tayyorladi, deyiladi Moliya vaziri xabarida.

Suveren xalqaro obligatsiyalarini xarid qilgan xalqaro investorlar tomonidan respublikada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning diqqat bilan kuzatib borishlari tufayli mamlakatda iqtisodiy boshqaruv sohasida islohotlar samarasi uchun zarur bo‘lgan shaffoflik va prudensial yondashuvning izchil amalga oshirilishi ta’minlanadi.

Boshqacha qilib aytganda, suveren xalqaro obligatsiyalarining ikkilamchi bozordagi kotirovkasi barqaror iqtisodiy siyosat yuritish barometri bo‘lib xizmat qiladi.

Joriy yilning fevral oyigacha, O‘zbekistonga jalb etilgan kreditlarning asosiy qismi xalqaro moliya institutlari va boshqa rasmiy tashkilotlar zimmasiga to‘g‘ri kelgan. Bunday kreditlarning hajmi, ishlatish yo‘nalishlari va muddati cheklangan bo‘lib, ko‘p hollarda davlatga qo‘shimcha shart va majburiyatlar yuklanadi. Suveren xalqaro obligatsiyalarni esa yuzlab investorlar qo‘shimcha shart va majburiyatlar qo‘ymay sotib oldilar.

Ushbu investorlar xususiy sektor vakillari hisoblanib, suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish O‘zbekiston uchun investitsiya manbalarini diversifikatsiya qilishga xizmat qildi.

Shu bilan birga, suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirishdan tushgan mablag‘lardan samarali foydalanish maqsadida mazkur mablag‘larni bozor mexanizmlari asosida joylashtirilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, bugungi kunda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida kuzatilayotgan qurilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va eksport hajmini oshirish bilan bog‘liq yuqori investitsion faollik tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning real sektoriga ajratiladigan kreditlarga bo‘lgan ehtiyojning keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu tufayli, tijorat banklari uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslar kerakligini inobatga olib, O‘zbekiston prezidentining 2 apreldagi qaroriga muvofiq, suveren xalqaro obligatsiyalarining joylashtirilishdan tushgan mablag‘larning 889,2 mln dollari tijorat banklari orasida auksion o‘tkazish orqali, ya’ni samarali bozor mexanizmlari asosida, depozitga joylashtirish belgilandi.

Bundan tashqari, «Agrobank» aksiyadorlik tijorat bankiga 20 mln dollar miqdorida loyihalarni moliyalashtirish uchun subordinar qarz shaklidagi kredit liniyasi hamda 89,9 mln dollar «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasining strategik ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarini moliyalashtirish uchun ssuda ajratishga yo‘naltirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, suveren xalqaro obligatsiyalarining joylashtirilishdan tushgan mablag‘larning asosiy qismi tijorat banklari depozitlariga joylashtirilishi davlat byudjeti xarajatlarini oshirmaydi.