O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 aprel kuni 2019 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan ko‘rsatkichlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Birinchi chorakda mamlakat bo‘yicha byudjet tushumlari to‘liq hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobar ko‘p bajarildi. Chorak yakuni bo‘yicha mahalliy byudjet daromadlari rejaga nisbatan 1 trillion 253 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarilib, hududlar ixtiyorida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mablag‘ qoldi.

Mahalliy byudjetda qancha ko‘p daromad bo‘lsa, dolzarb ijtimoiy masalalarni shuncha tezkorlik bilan hal qilish mumkin, dedi Shavkat Mirziyoyev. Qo‘shimcha mablag‘lar, jumladan, Beshta tashabbus, «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Ichimlik suvi», «Har bir oila — tadbirkor» kabi davlat dasturlarini joylarda tizimli amalga oshirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish va hayotini yaxshilash uchun zarur bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu vazifaning ahamiyatini hamma rahbar ham birdek anglab yetmayotganini keskin tanqid qildi. Jumladan, byudjetga tushumlar prognozi 9 tuman va shaharda bajarilmagan.

Ayniqsa, Toshkent shahrining o‘n bitta tumanidan yettitasida tushumlar prognozi bajarilmagan. Ushbu tumanlar soliq inspeksiyalari rahbarlari lavozimlaridan ozod etildi.

Shahar hokimligi va soliq idoralari rahbarlari tomonidan byudjetga tushumlarni ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Bunday holatlar viloyatlarda ham qayd etilgan. Shu sababli Davlat soliq qo‘mitasiga mahalliy byudjetga tushumlar prognozi bajarilmagan qator tuman va shahar soliq idoralari rahbarlarining lavozimiga loyiqligini tanqidiy ko‘rib chiqish topshirildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy maqsadi soliq yukini teng taqsimlashdan iborat.

Prezident soliq islohotlarini samarali amalga oshirish uchun hukumat oldida juda ko‘p vazifalar turganini ta’kidladi.

Jumladan, joriy yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari soni qariyb 5 baravarga oshgan. Lekin, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning samarali va sodda mexanizmlari samarali tashkil etilmagani sababli ushbu tizimga o‘tgan 26 mingta korxonadan 9 mingtasi tegishli soliq hisobotlarini topshira olmagan.

Vazirlar Mahkamasi va Davlat soliq qo‘mitasiga bir oy muddatda xalqaro ekspertlar bilan birgalikda O‘zbekistonda soliq islohotlarini amalga oshirishda vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Byudjet tushumlarini ta’minlashdagi asosiy to‘siqlardan biri iqtisodiyotda norasmiy faoliyatning saqlanib qolinayotganidir.

Prezident bu boradagi ishlar natijalari mutlaqo qoniqarli emasligini ta’kidladi. Shu sababli bu borada qabul qilingan dasturiy choralarni jonlantirish topshirildi.

Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsmanga hokimliklar bilan birgalikda faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish va faoliyatini tiklashda ularga ko‘maklashish vazifasi yuklatildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yuqorida ko‘rsatilgan muammolar o‘z vaqtida bartaraf qilinsa, yil oxiriga qadar byudjetga qo‘shimcha kamida 6 trillion so‘m tushishini ta’minlash mumkin.

Jumladan, joriy yilning ikkinchi choragida Buxoro, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 200 milliard so‘mdan, Qashqadaryoda 170 milliard so‘m, Andijonda 140 milliard so‘m, Qoraqalpog‘istonda 130 milliard, Farg‘onada 100 milliard, Samarqand va Namanganda 80 milliard so‘mdan, Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda 60 milliard so‘mdan, jami qariyb 2 trillion so‘m byudjetga qo‘shimcha mablag‘ tushirish imkoniyati mavjud.

Yig‘ilishda mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan choralar ham muhokama qilindi.

Ikkinchi chorakda o‘tgan chorakka nisbatan 1,1 milliard dollarga ko‘p eksportni amalga oshirish vazifasi turganligi qayd etildi. Jumladan, aprel-iyun oylarida hokimliklar birinchi chorakka nisbatan 3 barobar ko‘p meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ta’minlashi zarur.

Davlat rahbari ayrim soha va tarmoq mutasaddilari va hududlar rahbarlarini bu borada mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani uchun keskin tanqid qildi.

Eksportbop mahsulotlar bo‘yicha qanday ustunlik jihatlar mavjudligi, qaysi hududda qanday mahsulot yetishtirish va qayerga eksport qilish maqsadga muvofiqligi bo‘yicha qisqa muddatda amaliy takliflar ishlab chiqishga topshiriq berildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, eksport qilinayotgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish, tovarlar uchun nazorat idoralaridan ruxsat olishni soddalashtirish bo‘yicha qator vazifalarni hal etish lozim. Misol uchun, mamlakatda eksport hujjatlarini rasmiylashtirish 96 soat vaqt olsa, xorijda bunga 12 soatu 20 daqiqa ketadi, xolos.

Bu sohada «Yagona darcha» tizimi to‘liq joriy etilmagani oqibatida tadbirkorlar o‘z mahsulotini eksport qilishga ruxsat olish uchun kamida 10 ta idoraga borishi lozim.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga eksport-import operatsiyalariga ruxsat beruvchi idoralarni jalb qilgan holda tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq davlat xizmatlarini qamrab oluvchi «Yagona darcha» tizimini joriy etish topshirildi.

Davlat bojxona qo‘mitasiga pishiqchilik davrida bojxona postlarining o‘tkazuvchanligini oshirish va tirbandlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun tegishli choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.

Prezident eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari ijrosini to‘liq ta’minlash lozimligini alohida ta’kidladi.

Eksport bozorlarida mamlakatimiz o‘rnini mustahkamlash maqsadida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan G‘allaorol, Zomin, Bulung‘ur, Urgut, Qibray, Parkent, Oltiariq tumanlari va Quvasoy shahrida tashkil etilayotgan qishloq xo‘jaligi birlashmalari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish zarur.

Shuningdek, «O‘zdavkarantin» inspeksiyasiga gilos, o‘rik, olcha kabi bozori chaqqon mevalarni xorijiy bozorlarga faol kirib borishini ta’minlash maqsadida chet el karantin xizmatlari bilan muzokaralar o‘tkazib, eksportchilarimiz uchun qulay sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish topshirildi.

Transport-logistika xarajatlarining yuqoriligi mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Ushbu muammoni hal etish yo‘lidagi birinchi qadam sifatida joriy yil fevral oyida yurtimizga import qilinadigan vagonlar bojxona bojlaridan ozod qilindi.

Bu borada Transport vazirligiga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishda temir yo‘l transportining imkoniyatlaridan keng foydalanish, «yagona darcha» tamoyili asosida soddalashtirilgan mexanizmni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, yuk transporti parkini keskin oshirish uchun ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshmagan avtomobil transport vositalarini sotib olish uchun kreditlash tizimini joriy etish bo‘yicha taklif kiritishga topshiriq berildi.

Yig‘ilishda har bir tarmoq va hudud rahbari eksportdan tushumlar barqaror va o‘z vaqtida kelib tushishi uchun shaxsan javobgar ekani belgilab qo‘yildi.