Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti xodimlari zargarlik buyumlarini noqonuniy olib o‘tilishi bilan bog‘liq holatlarni fosh etishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘shni davlatga piyoda holda chiqib ketayotgan fuqaro B.B. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, qiymati 89,1 million so‘mlik, vazni 297 gramm bo‘lgan sariq metalldan yasalgan zanjir zargarlik buyumini yashirincha olib o‘tayotganligi fosh etildi.

Bojxonachilar e’tiborini tortgan yana bir fuqaro J.M. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida bojxonachilardan yashirin tarzda vazni 300 grammga teng bo‘lgan 90 million so‘mlik zargarlik buyumini noqonuniy tarzda olib o‘tmoqchi bo‘lganligi o‘z vaqtida aniqlandi.

Shuningdek, fuqaro B.U.ning ham qing‘ir rejasi chippakka chiqdi. U yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatmasdan va va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilmasdan og‘irligi 202 grammga teng bo‘lgan qiymati 60,6 million so‘mlik 2 dona bilaguzukni yashirincha olib o‘tayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.