O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Tojikiston Bosh prokuraturasi so‘rovi bo‘yicha mahkum Yoqub Axrorovich G‘afurovni (Tojikiston fuqarosi, 1973 yilda tug‘ilgan) qo‘shni davlatning vakolatli organlari qo‘liga topshirdi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

19 yanvar kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tojik tomonining so‘rovini qanoatlantirdi va 12 fevral kuni mahkum Yoqub Axrorovni tegishli qonun va xalqaro hujjatlar talablari asosida Tojikistonning uni keyinchalik jazoni davom ettirishi uchun O‘zbekistonga qaytarish to‘g‘risidagi kafolati ostida qo‘shni davlatning vakolatli organlariga vaqtinchalikka topshirdi.

Shunday qilib, Yoqub G‘afurov 1999 yilda Tojikiston hududida qo‘shni davlat Jinoyat kodeksining 104- modda 2-qism «a», «b», «g», «ye» bandlari (qasddan ikki va undan ortiq shaxsni o‘ldirish), 195-modda «b» bandi (noqonuniy ravishda o‘q otar qurollarini saqlash), 237-modda (bezorilik) va 328-moddaning 2-qismida (hokimiyat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida Tojikistonga vaqtinchalik topshirildi.

O‘zbekistondagi jinoyatlari

2010 yil 17 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Yoqub G‘afurovni quyidagi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan edi:

  • 97-modda 2-qism «g», «m», «p» bandlari (o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini; diniy taassublar zamirida; bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish);
  • 159-modda 3-qism «b» bandi (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlagan holda O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish);
  • 223-modda 1-qism (chegarani yorib o‘tish yo‘li bilan qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish);
  • 228-modda 2-qism «b» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish);
  • 244−1-modda 3-qism «a» bandi (oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish);
  • 244−2-modda 1-qism (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa).

Jumladan, Yoqub G‘afurov sheriklari Alisher Sattorov va Qahramon Po‘latov bilan «Ilhom» teatri asoschisi Mark Vaylning o‘limida aybdor deb topilgan.

Mark Vayl 2007 yil 6 sentyabrda o‘ldirilgan. Unga uyining pod’eztida hujum qilingan. Og‘ir tan jarohatlarini olgan 55 yoshli Mark Vayl shifoxonada vafot etgan.