Prezidentning «Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan 2019−2030 yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Dasturning qiymati 1 milliard AQSH dollariga teng, shu jumladan, 1,7 milliard AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga 31 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish nazarda tutilgan.

Shuningdek dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

azotli, fosforli, kaliyli va murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish;

polimer mahsulotlari, polietilentereftalat (PET), polivinilxlorid (PVX), sintetik kauchuk, polistirol, poliuretan, poliol, akrilonitril-butadiyen-stirol (ABS) plastik, poliakrilonitril (PAN) mahsulotlarini chiqarish bo‘yicha yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish;

kimyoviy mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish.

Xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat va «O‘zkimyosanoat» AJ ulushlari quyidagi tartibda sotiladi:

investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan potensial investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish yo‘li bilan:

«Samarqandkimyo» AJ ustav kapitalidagi 60,35 foiz davlat aksiyalari va «O‘zkimyosanoat» AJning 39,65 foiz aksiyalari «nol» xarid qiymatida;

«Qo‘ng‘irot soda zavodi» MCHJ ustav fondidagi «O‘zkimyosanoat» AJning 51 foiz ulushi bozor qiymatida;

«Qo‘qon superfosfat zavodi» AJ ustav kapitalidagi 70,54 foiz davlat aksiyalari va «O‘zkimyosanoat» AJning 25 foiz aksiyalari — «Indorama» (Singapur) kompaniyasiga 4,3 million AQSH dollariga;

«Farg‘onaazot» AJ ustav kapitalidagi 48,05 foiz davlat aksiyalari va «O‘zkimyosanoat» AJning 2,95 foiz aksiyalari tanlov savdolarida bozor qiymatida;

«Elektrkimyozavod» QK AJ ustav kapitalidagi «O‘zkimyosanoat» AJning 26,14 foiz aksiyalarini — ochiq savdolarda bozor qiymatida;

«Jizzax plastmassa» AJ ustav kapitalidagi 25 foizgachaaksiyalar — dastlabki bosqichda birlamchi ommaviy taklifni (IPO) o‘tkazish asosida;

«Dehqonobod kaliy zavodi» MCHJni aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirib jamiyatning ustav kapitalidagi 51 foiz aksiyalari bozor qiymatida;

«Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJni aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirib jamiyatning ustav kapitalining 51 foizigacha bo‘lgan aksiyalari bozor qiymatida.