«Toshkent» xalqaro aeroporti bojxonachilari quyma tilla bo‘laklarini yurtimizdan noqonuniy olib chiqish bilan bog‘liq navbatdagi qonunbuzarlik holatlarini fosh etishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Toshkent-Amritsar» yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketishga otlangan va «yashil» yo‘lak orqali harakatlangan ikki nafar fuqaro G. B. va S.X. bojxona nazoratidan o‘tish chog‘ida bojxonachilarga hech qanday noqonuniy buyumlarni olib ketmayotganliklarini ma’lum qilishdi.

Ammo, ushbu fuqarolarning o‘zini tutishi bojxonachilarning e’tiborini tortdi. Shundan so‘ng aeroportda o‘rnatilgan zamonaviy «Body scanning» qurilmasida ushbu shaxslar tekshiruvdan o‘tkazilganda ularning ichki a’zolarida metall jismlar borligi oshkor bo‘ldi.

G. B. va S.X. jami vazni 451 grammni tashkil etuvchi, umumiy narxi 90 million so‘mlik 26 dona quyma tilla bo‘laklarini yutgan holda yurtimizdan olib chiqib ketishga urinishgan ekan.

Ammo ularning bu qing‘ir rejalari bojxonachilar e’tibori va zamonaviy texnika vositalari ko‘magida chippakka chiqarildi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.