Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (IHRT) monitoring natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi barcha tavsiyalar bo‘yicha yutuqlarini e’tirof etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasi sakkizta ishtirokchi davlat o‘rtasida o‘zaro baholash va monitoring dasturini o‘z ichiga oladi. Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Tojikiston va Ukraina 2003 yil sentyabrda Istanbulda tashabbusga qo‘shilgan edi. Keyinchalik unga Qirg‘iziston (2003), Qozog‘iston (2004), O‘zbekiston (2010) va Mo‘g‘iliston (2014) davlatlari qo‘shilgan.

Matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi Parijda bo‘lib o‘tgan IHRTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasining 20-monitoring uchrashuvida hamda IHRT Tarmog‘i boshqaruv guruhining 24-majlisida ishtirok etdi.

«Monitoring natijasiga ko‘ra O‘zbekiston barcha tavsiyalar (jami — 21) bo‘yicha progress mavjudligi reytingiga erishdi, shundan 3 ta tavsiyalar bo‘yicha to‘liq bajarilishi, 8 tasining deyarli bajarilishi, 10 tasining qisman bajarilishi qayd etildi. Ta’kidlash joizki, tavsiyalarning birortasi bo‘yicha „bajarilmaganlik“ salbiy reytingi qo‘yilmadi, bu esa O‘zbekistonning Istanbul harakatlar rejasidagi eng yaxshi natijasidir», — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Muhokamalar yakunida monitoring hisoboti, shu jumladan reytinglar va 47 ta yangi tavsiyalar tasdiqlandi.

Monitoring yuzasidan O‘zbekiston ma’ruzasining muhokamasi va qabul qilish jarayoni ikki bosqichli yalpi majlis ko‘rinishida hamda uchrashuv ishtirokchilari, jumladan xalqaro va nodavlat tashkilotlar vakillari uchun ochiq tarzda tashkil etildi.

Tadbirlarda Istanbul harakatlar rejasining ishtirokchi davlatlari, IHRT tarmog‘iga a’zo davlatlar, Yevropa Ittifoqi, Yevropa Kengashi, Jahon banki, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, BMTTD, GREKO, Transparency International va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.