Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov va «Cengiz Holding» kompaniyasi ta’sischisi hamda boshqaruvi raisi Mehmet Jengiz boshchiligidagi delegatsiyaning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Mazkur uchrashuv O‘zbekistonda Turkiyaning «Cengiz Enerji Sanayiive Ticaret A.Ş.» kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 240 MVt bo‘lgan kombinatsiyalashgan issiqlik elektr stansiyasining qurilishi masalalari bilan bog‘liqdir.

Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi Quyimozor suv ombori yaqinidagi hudud ushbu kombinatsiyalashgan issiqlik elektr stansiyasini qurish uchun tanlangan. Tabiiy gazda ishlaydigan IES AQSHning «General Electric» kompaniyasida ishlab chiqarilgan gaz turbinasi va Germaniyaning «Siemens» kompaniyasida tayyorlangan bug‘ trubinasini o‘z ichiga oladi.

Ta’kidlash kerakki, rejalashtirilayotgan IES hududda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish bilan birga magistral elektr tarmoqlari orqali energiya yetkazib berishda yo‘l qo‘yiladigan texnik yo‘qotishlarni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yakunda ikki tomon o‘rtasida quvvati 240 MVt bo‘lgan IES qurilishini loyihasini davlat-xususiy sherikchilik asosida qurish bo‘yicha bitim imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 fevral kuni tomonlar «O‘zbekiston Respublikasining Buxoro viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan IES qurish loyihasini amalga oshirish» bo‘yicha bitim imzolangan.