Las-Vegas shahrida davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida qizlar o‘rtasida -64 kilogramm vazn toifasida supachaga chiqqan Kumushxon Fayzullayeva musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritish bilan birga o‘smirlar o‘rtasida jahon rekordlarini ham o‘rnatdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Kumushxon dast ko‘tarish mashqida 93 kg, siltab ko‘tarish mashqida esa 122 kg natija qayd etdi. Ikki kurashda 215 kilogramm jamg‘ara olgan sportchi ushbu vazn toifasining siltab ko‘tarish va ikki kurash yo‘nalishlari bo‘yicha o‘smirlr o‘rtasida jahon rekordlarini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.

Kumushxon Fayzullayeva yozda Toshkent mezbonlik qilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham zafar quchib, o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi qizlar orasida ilk bor chempionlikni qo‘lga kiritgan sportchiga aylangan. Shuningdek, 2018 yil oktyabr oyida Argentinada o‘tgan o‘smirlar olimpiadasida ham unga teng keladigani topilmagan edi.