O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbarining 7 martdagi farmoyishga muvofiq, prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosarlari tasdiqlandi, deya xabar qildi agentlik matbuot xizmati.

Xodjimetov Avazbek Jabbarkulovich — Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Avazbek Xodjimetov (1974 y. t.) Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti hamda O‘zbekiston Strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha — xalqaro iqtisodiy munosabatlar, siyosatshunoslik: tizimli tahlil va istiqbolni belgilash.

Avazbek Xodjimetov mehnat faoliyatini O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi «Jahon» axborot agentligida boshlagan. 2004−2007 yillarda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida press-attashe, 2007−2009 yillarda Tashqi ishlar vazirligi BMT va xalqaro tashkilotlar boshqarmasida davom ettirgan.

2009−2015 yillarda O‘zbekiston prezidenti devonida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2015−2016 yillarda Xalqaro hamkorlik va xavfsizlik ishlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-tahliliy markaz direktori vazifasida ishlagan. 2016 yilda O‘zbekiston prezidenti Matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan.

2017 yildan shu kunga qadar O‘zbekiston prezidenti Matbuot xizmati Axborot-tahlil ishlari bo‘yicha sektori mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Avazbek Xodjimetov Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida davlat axborot siyosatini amalga oshirish, sohaga oid qonunchilikni takomillashlashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot tahlili hamda ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirish kabi vazifalarni bajarish uchun mas’ul bo‘ladi.

Rahimova Nargizaxon Asrorovna

Rahimova Nargizaxon Asrorovna — agentlik direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Nargizaxon Raximova (1978 y. t.) Toshkent davlat texnika universitetini iqtisodchi-muhandis mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1999 yili Oliy xo‘jalik sudida maslahatchi lavozimida boshlagan. 2000−2006 yillar mobaynida O‘zbekiston Tashqi Iqtisodiy faoliyat Milliy bankida faoliyatini davom ettirgan.

2006 yildan buyon axborot, jurnalistika sohasi bo‘yicha qator lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. «Delovoy partner», «Birja» kabi gazetalar, qator elektron ommaviy axborot vositalarida mas’ul lavozimlarda, O‘zbekiston Prezidenti devoni Media markazida Bosh mutaxassis lavozimida faoliyat yuritgan.

Nargizaxon Rahimova Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonning chet ellarda ijobiy imidjini shakllantirish — PR-markaz vazifasi ijrosi, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalar uchun mas’ul bo‘ladi.


Bozorov G‘ayrat Nazarovich

Bozorov G‘ayrat Nazarovich — agentlik direktorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. G‘ayrat Bozorov (1984 y. t.) Toshkent Davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha — xalqaro jurnalist.

G‘ayrat Bozorov mehnat faoliyatini O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida boshlagan. 2007 yildan 2016 yilga qadar agentlikda mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2016 yilda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi Davlat korxonasi Marketing bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

2018 yildan buyon shu kunga qadar nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktorining nashriyot va markateng masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

G‘ayrat Bozorov Agentlik direktorining o‘rinbosari sifatida litsenziyalash va nazoratni tashkil etish, nashriyot-matbaa sohasi, kitob savdosi va axborot kutubxona resurslari faoliyatini rivojlantirish kabi vazifalarni bajarish uchun mas’ul bo‘ladi.

O‘zbekiston prezidentining qaroriga asosan, Agentlik direktori o‘rinbosarlarining maqomi O‘zbekiston prezidenti maslahatchisining o‘rinbosariga tenglashtirilgan.