5 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi va birinchi o‘qishda bir ovozdan qabul qilindi. Bu haqda «O‘zatom» agentligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qonunning vazifalari — atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini ta’minlash tizimlari va davlat institutlari faoliyati uchun huquqiy asoslarni yaratish hamda milliy qonunchilikka atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishda xavfsizlikni ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etishdan iborat.

Qonun loyihasida atom energiyasidan foydalanishdagi asosiy tamoyillar ko‘zda tutilgan:

  • aholi, jismoniy va yuridik shaxslar hamda atrof-muhitni radiatsion xavfdan himoya qilish;
  • atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha faoliyatning barcha boshqa jihatlari oldida atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikning ustuvor ahamiyat kasb etishini ta’minlash;
  • atom energiyasidan foydalanish ob’ektlari joylashgan hududlarda istiqomat qiluvchi va ishlovchi fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish;
  • atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha faoliyat bilan bog‘liq axborotlarning hammabopligi va boshqalar.

Qonun loyihasini tayyorlashda atom energetikasidan muvaffaqiyatli foydalanib kelayotgan davlatlar (Avstriya, AQSH, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Kanada, Koreya, Litva, Rossiya, Ruminiya, Slovakiya Respublikasi, Turkiya, Ukraina, Fransiya, Finlyandiya, Xitoy, Chexiya Respublikasi, Shvetsiya, Shveysariya, Yaponiya, Hindiston) hamda Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) xalqaro tajribalari o‘rganildi.