Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

«Yerlar cho‘llanishining oldini olish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish sohasida amaldagi davlat boshqaruvi tizimi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni samarali muvofiqlashtirishni ta’minlash imkonini bermayapti», — deyiladi hujjatda.

Bugun respublika hududining 70 foizi yoki 31,4 mln ga tabiiy sho‘rlanishga, qum ko‘chkilari, changli bo‘ronlar va garmsellar tarqalishi ta’siriga uchragan qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil maydonlardan iborat. Orol fojiasi oqibatida 5,5 mln gektardan ortiq maydonli Orolqum cho‘li vujudga kelgan.

Hujjatda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

  • Respublikada cho‘llanishning oldini olish, o‘rmonlarni qayta tiklash va ihota o‘rmonlarini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • O‘zbekistonning cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarish;
  • Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan samarali o‘zaro hamkorlikni ta’minlash;
  • O‘zbekistonda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadigan vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ishlarini muvofiqlashtirish;
  • Qattiq qurg‘oqchilikni boshdan kechirayotgan va (yoki) cho‘lga aylanib borayotgan mamlakatlarda, ayniqsa Afrikada cho‘lga aylanib borishlarga qarshi kurash bo‘yicha BMT Konvensiyasi talablarini bajarish doirasida O‘zbekistonning milliy vakolatli organi vazifalarini amalga oshirish.

Qo‘mita tuzilmasida Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish boshqarmasi tashkil etildi. Qo‘mitaga ikki oy muddatda 2019−2023 yillarda O‘zbekistonda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi"ni tuzish topshirildi.

O‘zbekiston yuqorida keltirilgan BMT konvensiyasini 1995 yilda ratifikatsiya qilgan. Avvalroq «Gazeta.uz» mualliflari mazkur xalqaro hujjat talablarini bajarish uchun vakolatli organ tuzish lozimligi haqida yozgan edi.