O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 fevraldagi «Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari oilaviy vasiylik va homiylikning turli shakllarini yaratishga ko‘maklashadi. Shuningdek, 2019 yil 1 iyunga qadar «Mehribonlik» uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylarining hududlari va xonalari videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishini ta’minlaydi. Videoyozuvlar maxsus arxivda kamida bir oy davomida saqlanishi nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi «Mehribonlik» uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylaridagi videokuzatuv kameralarining texnik sozligi va uzluksiz ishlashini, keyinchalik ularni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida arxivlashtirishni ta’minlaydi.