Jamoat joylarida tamaki mahsulotlari iste’mol qilgani Samarqandda qariyb ikki ming kishi jarimaga tortildi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi sayti orqali ma’lumot berildi.

— Viloyat miqyosida birgina yanvar oyida belgilanmagan jamoat joylarida tamaki mahsuloti iste’mol qilgani uchun 1875 nafar kishiga jarima qo‘llanildi, — deydi IIB HOOB bo‘lim boshlig‘i Dilmurod Qurbonov. — Qoidabuzarlar jami 115 million so‘mdan ortiqroq jarima to‘lagan.

Eslatib o‘tamiz, jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishga cheklovlar «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida"gi Qonun (26.08.2011 yil) bilan mustahkamlangan.

2016 yildan boshlab, jamoat joylarda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish uchun jarima miqdori eng kam ish haqining birdan uch qismigacha bo‘lgan mablag‘ni tashkil etadi.

Shuningdek, jamoat joylarida alkogolli mahsulotlar iste’mol qilganlik uchun ancha jiddiy jazo ko‘zda tutilgan. MJtKning 187-moddasiga muvofiq ushbu huquqbuzarlik uchun jarima summasi eng kam ish haqining 50 foizini tashkil qiladi.

Mazkur huquqbuzarlik takroran sodir etilganda jarima summasi eng kam ish haqining birdan 2 baravariga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqni tashkil qiladi. Ma’muriy undiruv qo‘llangandan keyin bir yil mobaynida sodir etilsa, u takroriy huquqbuzarlik hisoblanadi.

Ko‘rsatilgan choralarga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish MJtKning 248-moddasiga muvofiq ichki ishlar organlariga yuklatiladi.