Farg‘ona elektr tarmoqlari hududiy korxonasi boshlig‘i va bosh muhandisi pora olayotgan vaqtda ushlandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Tezkor tadbir Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti Farg‘ona viloyat boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazildi.

Mansabdor shaxslar «A» xususiy korxonasiga tegishli avtomashinalarga gaz quyish shoxobchasi hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 5500 AQSH dollari talab qilib, shundan 4000 AQSH dollarini xususiy korxona bosh muhandisidan olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-modda 2-qism «v» va «g» bandlari (bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.