1 apreldan boshlab O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari lavozimlariga nomzodlar O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanishi lozim. Yangi tartib prezident Shavkat Mirziyoyevning 28 yanvardagi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun Vazirlar Mahkamasining mas’uliyatini oshirishga doir farmonida ko‘zda tutilgan.

Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari lavozimlariga nomzodlar Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasida huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejalarini taqdim etadilar.

Bosh vazir Hukumat a’zolari bilan birgalikda har chorakda Oliy Majlis palatalariga O‘zbekiston prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.

Barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari faoliyati aniq ko‘rsatkichlarga erishishga va maqsadli indikatorlarga, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa sohalarni strategik rivojlantirishning yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturlari amalga oshirilishi sifati va samaradorligiga asoslangan holda baholanadi.

1 apreldan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat boshqaruvi hududiy organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida hududlarda Hukumatning mavzuli sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiya raisi Abdulla Aripovga 1 mayga qadar vazirliklar, davlat qo‘mitalari, Hukumat tuzilmasiga kiruvchi idoralar hamda xo‘jalik boshqaruvi organlarini yanada ixchamlashtirish va faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini nazarda tutuvchi takliflarni tayyorlash va uni prezident administratsiyasiga kiritish topshirildi.

Dasturdan quyidagilar o‘rin olishi lozim:

  • vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, ularning vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini, ularni amalga oshirish mexanizmlarini va vakolatli shaxslar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda hokimliklarning javobgarligi sohalarini belgilash va aniq chegaralash, muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik jarayonlarini ta’minlash;
  • davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirish va prognozlashtirishning zamonaviy shakllari, usullari va tamoyillarini, shu jumladan, «raqamli iqtisodiyot» tamoyilini, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish;
  • davlat boshqaruvi organlari, joylarda ijro etuvchi hokimiyat organlari va biznesning o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish, ushbu yo‘nalishda davlat-xususiy sheriklik asoslarini faol joriy etish va ilg‘or xorijiy tajribadan foydalanish;
  • professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, byurokratiya, qog‘ozbozlik va ko‘p sonli yig‘ilishlarga chek qo‘yishning amaliy mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, suiiste’molchilik faktlariga va boshqa salbiy holatlarga qarshi kurashish.

Farmonda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini xalqaro standartlar va normalarga muvofiq mehnatga haq to‘lash miqdorlarini mehnat natijalari, bajariladigan mehnat funksiyalarining murakkabligi va javobgarligi bilan chambarchas bog‘liq holda takomillashtirishни nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini kiritish topshirildi.

Shuningdek, tegishli davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining bo‘sh lavozimlariga, ushbu lavozimlarga xotin-qizlarni tavsiya etishga alohida e’tibor bergan holda, tayinlash uchun nomzodlar zaxirasini puxta ishlab chiqish, asoslash va va ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston prezidentiga taqdim etish belgilandi.

Mas’ul lavozimlarga xorijda yashayotgan vatandoshlar va xorijiy mutaxassislar orasidan tajribali menejerlarni tayinlash amaliyotini keng joriy etish ko‘rsatib o‘tildi.