Britaniyaning BP va Ozarbayjonning SOCAR kompaniyalari O‘zbekistonning Ustyurt hududida neft va gaz izlash bo‘yicha geologik razvedka ishlarini olib borishni rejalashtirmoqda, deya xabar qildi «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati.

2018 yil may oyida «O‘zbekneftgaz», SOCAR va BP Exploration (Caspian Sea) memorandum imzolagan edi. Kompaniyalarga Ustyurt hududidagi uchta investitsion blokd birgalikda geologik o‘rganishlarni olib borish taklif qilindi.

Matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» rahbariyati Toshkentda SOCAR va BP vakillari bilan imzolangan memorandum doirasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

«Investitsiya bloklar bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlar yakunlari bo‘yicha seysmik va geofizik ishlarni olib borish zarurligi qayd etildi», — deyiladi xabarda. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi, deya qo‘shimcha qildi «O‘zbekneftgaz».

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2018 yilda neft qazib olish hajmi 8,2 foizga — 746,4 ming tonnagacha kamaygan, tabiiy gaz esa 6,1 foizga o‘sib, 59,842 mlrd kub metrni tashkil etgan.