O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov boshchiligidagi delegatsiya Amerika tomonining taklifiga binoan 26−30-yanvar kunlari AQSHga tashrif buyuradi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi bergan ma’lumotlarga tayanib.

O‘zbekiston mudofaa idorasi vakillari Kemp-Shelbi harbiy bazasida (Missisipi shtati) «Janubiy zarba» o‘quv mashg‘ulotlarining faol fazasini kuzatib borishadi.

«Janubiy zarba» — Missisipi shtati Milliy gvardiyasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari. Maqsadi — quruqlikdagi, suvdagi va havodagi turli qo‘shin turlarining qo‘shma harakatlarini mashq qilish. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari ilk bor mazkur tadbirda ishtirok etmoqda.

Harbiy delegatsiya Tampa shahridagi (Florida shtati) CENTCOM bosh qarorgohiga ham tashrif buyurib, uning rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi, O‘zbekiston mudofaa idorasi va CENTCOM o‘rtasidagi Harbiy aloqalar rejasida ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashadi.