Bugun Xalqaro press-klubda «O‘zbekistonda xotin-qizlar va oila muammolari: ijtimoiy yordam, ishonch va maqsadli yechimlar» mavzuida navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. Jonli efir orqali uzatilgan mazkur sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda ayollarning jamiyatda tutgan o‘rni, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yaratilgan imkoniyatlar, ayollar o‘rtasidagi jinoyatchilik, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik (Oqdaryo va Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi voqealar misolida), ajrim kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

Mover.uz tarmog‘iga zarnewsuz akkaunti tomonidan yuklangan videoda Tanzila Norboyevaning ushbu mavzuda aytgan so‘zlari keltirib o‘tilgan.

«Oqdaryodagi ayol kishiga zo‘ravonlik qilish holati yurtimizda birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Men o‘zim Oqdaryoga borib keldim. Ushbu ish yuzasidan hukm chiqarilgan paytda hali video tarqamagan ekan. Video paydo bo‘lganidan so‘ng bosh prokuror nazoratida qaytadan tergov harakatlari boshlangan. Hozirda bu jarayon davom etmoqda. Ayolmi, erkakmi, kimningdir sha’niga tajovuz qilinsa, qonuniy chora ko‘riladi.

Biz ayolning holatini o‘rgandik. Ta’kidlash o‘rinli, bu ayolga ilgari ham ish taklif qilingan. Ammo sharoiti bo‘lmagani sababli ishlamagan va fermer xo‘jaligida mavsumiy ishlarni bajarib yurgan. Ayni paytda unga kasanachilik bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratib berildi. Uning farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalariga berish, o‘zini jamiyatning faol a’zosiga aylantirish bo‘yicha ish olib bordik va uning o‘zi bunga rozi bo‘ldi", — deydi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.