O‘zA tomonidan o‘tkazib kelinayotgan «Bir savolga bir javob» loyihasida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev «Nima uchun ayrim hokimlar xodimlariga qo‘pol munosabatda bo‘ladi?» degan savolga javob berdi.

— Ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda viloyatda hokimlar qo‘l ostidagi xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Sizning nazaringizda, bugungi rahbar, hokim qanday bo‘lishi kerak?

— Biz dunyo halqlari bilan teng hamkorlikda, hech kimdan kam bo‘lmay turmush kechirishni, farzandlar kamolini ko‘rishni istasak, barcha birgalikda harakat qilishi, ezgu niyatlarimiz yo‘lidagi kamchilik va to‘siqlarni bartaraf etishga birga kurashishimiz lozim. Erisholmagan yutuqlarimiz va boy berilgan imkoniyatlar uchun kimnidir aybdor qilish emas, aksincha bunga mas’ul bo‘lgan rahbarning, hokimning atrofiga jipslashishimiz shu vazifalarni bajarishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz muhimdir.

Shu o‘rinda hokimlarimiz ham bir narsani chuqur anglab olishlari lozim, qayerda bunyodkorlik ishlari olib borilsa, xalqning ruhi ko‘tariladi, ertangi kunga ishonchi ortadi. Qayerda tadbirkorlik muhiti yaxshilansa, tadbirkorlarning boshi qovushtirilib faoliyatlari rivoji ko‘mak berilsa, investitsion muhit yaxshilansa, investitsiya jalb qilinsa, o‘sha hudud iqtisodi rivoj topadi va yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish imkoni bo‘ladi.

Bugun hudud hokimi har qachongidan ko‘ra ko‘proq izlanadigan, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanadigan, eng samarali yangilik va tashabbuslar qila olishi lozim. Shiddat bilan o‘tayotgan vaqt, raqobatlar kuchayotgan muhit, insonlar ehtiyoji o‘sib borayotgan jarayonda shunchaki hisobotlar bilan ish yuritib bo‘lmaydi. Aholi bugun amaliy natijalarni ko‘rishni xohlaydi.

To‘g‘ri, ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda rahbarlarning xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘lganligi haqida xabarlar ham tarqalib qoladi. Bu voqelikka hech kim befarq emasligidan, jamoatchilik nazoratining kuchayib borayotganidan dalolatdir. To‘g‘ri, rahbar ham inson, u ham xato qilishi mumkin, ammo u hech qachon qo‘l ostidagilarni tahqirlashga qonunan ham, ma’nan ham haqli emas.

Bugungi rahbar yuksak bilimli, ma’naviyatli, katta hayotiy tajribaga ega, izlanuvchan, mustaqil fikrlay oladigan, mas’uliyatli va fidoyi bo‘lib, yurtimizning ravnaqi uchun butun kuch-g‘ayratini sarf etishi shart. O‘zining yurish-turishi, gap-so‘zi, muomala-madaniyati bilan barchaga ibrat bo‘lishi lozim. Har qaysi rahbar -u hokimmi korxona, tashkilot rahbari bo‘ladimi bu lavozimni unga berilgan sinov deb bilishi, o‘zidan yaxshi nom va yaxshi iz qoldirishga, farzandlariga o‘rnak bo‘lishga berilgan imkoniyat deb bilishi lozim. Rahbar talabchan bo‘lish bilan birga, mudom xalq dardi, odamlar tashvishi bilan yashamas ekan, ularni ichiga kira olmaydi, islohotlarning ijrosini hech qachon ta’minlay olmaydi.

Ayrim hollarda hokimlarimizning qo‘l ostidagi xodimlarga qattiq talablar qo‘yishi uchrab turadi. Biroq rahbarda qat’iyatlik, talabchanlik yetishmasa, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshira olmaydi. Hech bir hokim ko‘ngilxushlik uchun ovozini baland ko‘tarib gapirmaydi.

Shu o‘rinda afsus bilan ta’kidlash lozimki, ayrim xodimlarimizda hali ham eski usulda faqat yuqorining topshirig‘ini kutib, hisobotdan-hisobotgacha ishlash, kunlik mayda ishlar bilan o‘ralashib yurish hollari uchraydi. Axir hududlarni kompleks rivojlantirish, pirovardida, xalqni rozi qilishda har bir soha, har bir xodimning o‘z o‘rni va hissasi bo‘lishi kerak. Har birimiz huquqlarimiz bilan birga burch va ma’suliyatimizni unutmasligimiz lozim. Bugun oldimizda juda ulkan vazifalar, yuksak marralar turibdi. Jonajon vatanimizning porloq kelajagi va taraqqiyoti uchun barchamiz jips va ahil bo‘lib, yanada g‘ayrat bilan mehnat qilishimiz har qachongidan muhimdir.