O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni parlamentga an’anaviy murojaatida soliq va boshqa to‘lovlarning eng kam ish haqi miqdori bilan bog‘liq bo‘lishiga barham berish kerakligini ta’kidladi.

Davlat rahbari o‘z murojaatida aholi o‘rtasida ishsizlikni kamaytirish, odamlar va oilalarning daromadini oshirish lozimligini ham ta’kidlab o‘tdi. Vazirlar Mahkamasi 1 oy muddatda, 2019 yil uchun bandlikka ko‘maklashishning yangi davlat dasturini tasdiqlashi kerakligini ma’lum qildi.

«Bu borada ishsizlarni kasbga o‘qitish, ularga huquqiy va boshqa maslahatlar berish, hamda boshqa ijtimoiy yordam usullaridan keng foydalanish kerak. Xalqimizning hayot darajasini yuksaltirish uchun mehnatga munosib haq to‘lash tizimini shakllantirish va aholi real daromadlarini oshirishimiz zarur», — dedi davlat rahbari.

Eng kam oylik ish haqi miqdorini belgilash tartibi qayta ko‘rib chiqiladi, soliq va boshqa to‘lovlarning eng kam ish haqi miqdori bilan bog‘liq bo‘lishiga barham beriladi. Prezident Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ushbu masalani hal etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirdi.