Prezidentning Ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, sanoat tarmoqlarini texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash jarayonini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organlari aksiyalar paketlarining investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilarga tanlov asosida 5 yilgacha berish quyidagi shartlar bajarilganda amalga oshiriladi:

qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirishga litsenziyaning mavjudligi;

korxonani rivojlantirish uchun biznes-rejani topshirish;

korxonalarning kuzatuv kengashiga ishonchli boshqaruv bo‘yicha tayinlanadishan a’zolarning 40 foizi miqdorida davlat vakillarini kiritish;

ishonchli boshqaruvchiga bonus ko‘rinishida haq to‘lash.

Ustav kapitalidagi davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organlariga tegishli aksiyalar paketlari investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvga bergan korxonalarga nisbatan:

qonun hujjatlarining quyidagi talablari tatbiq etilmaydi:

import kontraktlarini, texnik topshiriqlarni Loyiha boshqaruvi milliy agentligida ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkazish;

ba’zi tovarlarni eksport qilish bo‘yicha kontraktlarni Tashqi savdo vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazish;

ishonchli boshqaruvchi tomonidan kuzatuv kengashi a’zosi sifatida ilgari surilgan shaxslar korporativ boshqaruvchining malaka guvohnomasiga ega bo‘lish to‘g‘risida;

summasidan qat’i nazar tovarlarni xarid qilish kontraktlarini, shu jumladan import kontraktlarini mustaqil tuzish huquqi beriladi;

2019 yil 1 fevlardan olib kiriladigan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida vakolatli iqtisodiy operatorlar maqomi qo‘llaniladi.

Shuningdek, qaror bilan «Olmaliq KMK» AJ, «O‘zmetkombinat» AJ va «O‘zikkilamchiranglimetall» AJ faoliyatini yanada takomillashtirishga oid «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Yo‘l xaritasi doirasida «TOMS ilmiy-tadqiqot loyiha instituti» MCHJ (Rossiya) loyihasi asosida «Olmaliq KMK» AJ rekonstruksiya qilinadi. Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISiS"ning Olmaliq shahridagi filiali huzurida maxsus kollej tashkil etiladi.

Mutasaddi organlar Davlatga tegishli aksiyalar paketlarini (ulushlarni) ishonchli boshqaruvga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqib Hukumatga kiritadi.