Samarqand hokimining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayevga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakuniga yetdi. Bu haqda dushanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonova ma’lum qildi.

«Gazeta.uz"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudiga o‘tkazilgan.

Turobjon Jo‘rayev o‘tgan yilning yozidan Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlagan. 13 iyun kuni jinoiy harakatlarni amalga oshirganlikda ayblanib lavozimidan ozod qilingan edi.

«U o‘z manfaatlari uchun butun boshli vertikal poraxo‘rlik tizimini yaratib, mahalliychilikka yo‘l qo‘ygan, ta’magirlik yo‘li bilan pul mablag‘larini o‘zlashtirgan», — deyilgan edi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturida.

Dasturda qayd etilishicha, hokimiyatda ko‘p kvartirali uylarni qurishga ruxsat berish va tadbirkorlarga turar joy ob’ektlar qurilishi uchun yer maydonlarini ajratishda pora tizimi amalda bo‘lgan. Turobjon Jo‘rayev o‘z aybini tan olgani xabar qilingan.

Bosh prokuratura vakili o‘qituvchilar, shifokorlar, maktab direktorlari va yuqori lavozimli shaxslarning pora olgani to‘g‘risidagi ishlarni yoritishda aybsizlik prezumpsiyasiga oid «ikki xil standartlar» to‘g‘risidagi savolga javob berdi.

«Ijtimoiy sohalardagi holatlarda, e’tibor bergan bo‘lsangiz, bunday ishlar faqat tezkor tadbirlarda batafsil yoritiladi. Agar Bosh prokuratura saytiga qarasangiz, yuqori lavozimli shaxslar — Turobjon Jo‘rayev, Savdo departamenti mansabdor shaxslari ishtirokidagi shov-shuvli ishlarni ko‘rasiz. Biz ularni solishtirishni to‘g‘ri deb bilmaymiz, ya’ni mansabdor shaxslar va oddiy fuqarolar ishlarini ko‘rib chiqishda farq bor», — dedi Surayyo Rahmonova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bosh prokuratura ayblov e’lon qilishi qo‘lga olingan shaxslarning aybdor ekanini anglatmaydi. «Aybdorlik yoki aybsizlik to‘g‘risidagi qarorni sud qabul qiladi», — dedi u.

Shu bilan birga, Bosh prokuratura Toshkentning Yunusobod tumani sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatovning pora olayotganda ushlangani to‘g‘risidagi xabarga izoh berishni rad etdi.

Tuman ma’muriyatining sobiq rahbari sentyabrda yer uchastkasi ajratish uchun pora olayotganda ushlangan edi.

«Mazkur holat bo‘yicha birorta ham rasmiy bayonot bermadi. Shuning uchun biz bu masala yuzasidan izoh bera olmaymiz, deb hisoblayman», — dedi Surayyo Rahmonova.