O‘zbekiston olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov FIFA sammitida qatnashish uchun bugun erta tongda Qatar mamlakatiga jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

11−13 dekabr kunlari Qatar poytaxti Doha shahrida FIFAga a’zo 5 ta konfederatsiyadan 50 ta mamlakat vakillari turli masalalarni muhokama qilishadi. Mazkur mamlakatlar qatorida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham FIFA sammitiga taklif etildi.

Doha shahri 2017 yilning fevral oyida ham FIFA sammitiga mezbonlik qilgandi. Bu Dohadagi FIFAning ikkinchi sammiti bo‘ladi.

Qatardagi sammitda FIFA tomonidan tashkil etilayotgan musobaqalarga tayyorgarlik jarayoni muhokama qilinib, tashkiliy qo‘mita hisobotlari tinglanadi. Shuningdek, FIFAga a’zo futbol assotsiatsiyalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilinadi. Bundan tashqari, VAR tizimini rivojlantirish bo‘yicha ham amaliy takliflar ko‘rib chiqiladi.