Xorazm viloyatining Xiva shahrida MIB xodimiga pora berishga harakat qilgan shaxslar bilan bog‘liq ikki ish sud majlisida ko‘rib chiqildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining raisi Murodjon Hasanov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

2018 yil 28 sentyabrda Xiva tuman «Istiqlol» mahalla fuqarolar yig‘ini binosida, ochiq sayyor sud majlisida R. Annazarovga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Tuman sudining hukmiga asosan R. Annazarov 2018 yil 12 iyun kuni «Juryon» mahallasida faoliyat ko‘rsatayotgan «Matkarim traktorchi» fermer xo‘jaligiga qarashli elektr hisoblagichga o‘rnatilgan tamg‘a o‘zboshimchalik bilan buzilgan holda noqonuniy foydalanayotganligi aniqlanib rasmiylashtirilgan hujjatlar yuzasidan, qonuniy chora ko‘rmaslik va rasmiylashtirilgan hujjatlarni yo‘qotib berish evaziga, qonunga xilof ekanligini bila turib, MIB Xiva tuman bo‘limi tezkor sho‘’basi katta inspektoriga 200.000 so‘m pullarni pora tariqasida bergan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Sud tomonidan R. Annazarovga JKning 211-moddasi 1-qismi bilan eng kam oylik ish haqi 172.240 so‘mning 40 baravari miqdorida, ya’ni 6.889.600 so‘m jarima jazosi tayinlanib, ashyoviy dalil deb e’tirof qilingan, pora predmeti 200.000 so‘m pullar davlat egaligiga o‘tkazilishi belgilandi.

Xuddi shuningdek, 2018 yilning 14 noyabr kuni Xiva tuman «Polosulton» mahalla fuqarolar yig‘ini binosida, ochiq sayyor sud majlisida MIB Xiva tuman bo‘limi xodimiga pora berish jinoyatini sodir qilgan Sh. Matkarimovga nisbatan ham hukm o‘qildi.

Sh. Matkarimov MIB Xiva tuman bo‘limi tezkor sho‘’basi katta inspektor tomonidan 2018 yil 9 sentyabr kuni Xiva tumani «Polosulton» mahallasidagi xonadonida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan holda noqonuniy tarzda foydalanib kelayotganligi aniqlanib, rasmiylashtirilgan hujjatlarni qonuniy chora ko‘rish uchun surishtiruvga o‘tkazmasdan, yo‘q qilib tashlash evaziga, qonunga xilof ekanligini bila turib, noqonuniy faoliyatini yashirish maqsadida 2018 yil 10 sentyabr kuni soat 9−00 larda Majburiy ijro byurosi Xiva tuman bo‘limi binosi oldida, holat bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirgan davlat organi mansabdor shaxsi MIB Xiva tuman bo‘limi tezkor sho‘’basi katta inspektoriga 500.000 so‘m pullarni qasddan pora tariqasida bergan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olingan. Sh. Matkarimov sud muhokamasida aybiga iqrorlik bildirdi.

Jinoyat ishi yuzasidan mavjud dalillar va guvohlar ko‘rsatmalari har taraflama, sinchiklab tekshirilib, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 454−457, 463, 465−468, 471−472-moddalariga amal qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi JKning 211-moddasi 1-qismi bilan sudlanuvchi Sh. Matkarimovga nisbatan eng kam oylik ish haqi 184.300 so‘mning 40 baravari miqdorida 7.372.000 so‘m jarima jazosi tayinlanib, pora predmeti ya’ni 500.000 so‘m pullar davlat egaligiga o‘tkazilishi belgilandi.