Farg‘ona viloyati Buvayda tumani 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi o‘quvchilarni haqoratlagani, kamsitgani va kaltaklagani uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi, deya xabar qildi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, mahalliy OAVda Buvayda tumani 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sinf rahbarlari va fan o‘qituvchilari tomonidan turli maqsadlarga pul yig‘ilgani, pul bermagan o‘quvchilarni haqoratlash, kaltaklashlar to‘g‘risida ma’lumotlar chop etilgan.

XTV Huquqiy-nazorat xizmati chop etilgan materiallar yuzasidan tekshiruv o‘tkazdi.

Tekshirish natijasida 16 noyabr kuni maktabning 7-V sinf rahbari R. M. shu sinfda ma’naviyat soati o‘tish jarayonida ikki o‘quvchilarga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etgani, ya’ni obunaga pul bermagani uchun sinf o‘quvchilari oldida haqoratlab, kamsitgan va kaltaklagani aniqlandi.

Farg‘ona XTB boshlig‘ining buyrug‘iga asosan, o‘qituvchi R.M. hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maktab direktori o‘rinbosari X.A. egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Maktab direktori R.A.ga esa intizomiy chora ko‘rildi.

«O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlarini qoralaydi hamda o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ularning ota-onalarini bosiqlikka va o‘zaro kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqiradi. Xalq ta’limi vazirligi maktab xodimlarini ota-onalardan turli maqsadlar uchun noqonuniy mablag‘lar yig‘ish amaliyotini to‘xtatishni so‘raydi», — deyiladi xabarda.