Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Oliy ta’lim muassasalariga noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga kiritib qo‘yish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari davomida O‘zbekiston IIV Akademiyasi sobiq xodimi Sh. X., Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani IIB bo‘linma boshlig‘i J.S., fuqaro J.F., Z.Q., M.B., S.N., M.M. va boshqa shaxslar jinoiy guruhga birlashib, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan shaxslar bilan til biriktirib, 8−10 ming dollar evaziga, «abituriyent"larning fuqarolik pasportlaridagi fotosuratlarini qalbakilashtirib, ularning o‘rniga yuqori nazariy bilimga ega bo‘lgan jinoiy guruh a’zolari kirib, test sinovlarini yechib mijoz «abituriyent"larni o‘qishga kiritish bilan shug‘ullanib kelganliklari aniqlangan.

Xususan, 2018 yil iyul oyida fuqaro M.S., H.G‘., X.T., U.U., J.A., L.M., S.U.ning pasportlaridagi fotosuratlari o‘rniga jinoiy guruh a’zolari J.F., Z.Q., M.B., S.N. va M.M.ning fotosuratlarini maxsus uskunalar yordamida joylab, qalbaki fuqarolik pasportlari asosida Toshkent davlat yuridik universitetiga, J.A.ni Farg‘ona davlat unversitetiga o‘qishga kiritish uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali tegishli xujjatlarni qabul komissiyasiga yuborib, test sinovlarida qatnashish huquqini beruvchi DTM ruxsatnomasini olishga erishganlar.

Jinoiy guruh a’zosi M.B. 30 iyul kuni «abituriyent» M.S. o‘rniga Toshkent davlat yuridik universiteti qabul komissiyasiga DTM ruxsatnomasini olish uchun murojaat qilgan vaqtda, taqdim qilgan fuqarolik pasportdagi fotosurat qalbaki ekanligi aniqlangan. Jinoiy guruhning boshqa a’zolari esa 1 avgust kuni Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirish uchun o‘tkazilgan test sinovlariga qalbaki hujjatlar asosida kirishgan. Test jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jinoiy guruh a’zosi J.F. davlat imtihonlariga «abituriyent» U.U. o‘rniga kirganligi aniqlanib, qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, tergov davomida Toshkent shahar prokuraturasining topshirig‘iga asosan Toshkent davlat yuridik universitetida noqonuniy o‘qishga kirish holatlarini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiya tuzilib, mazkur komissiya abituriyentlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va imtihon jarayoni tasvirga olingan videoyozuvlar tahlil qilindi. Natijada, jinoiy guruh tomonidan abituriyent H.G‘., X.T., S.U., L.M. o‘rniga qalbaki xujjatlar asosida davlat imtihonlariga kirib, test sinovlarini yechib chiqqanliklari, ular Toshkent davlat yuridik universitetiga davlat granti va shartnoma asoslarida o‘qishga qabul qilinganliklari aniqlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Sh. X., J.S., J.F., Z.Q., M.B., S.N., M.M. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 28,211-moddasi (pora berishga dalolatchilik qilish), 228-moddasida (hujjatlarni qalbakilashtirish va hujjatning qalbaki ekanligini bila turib undan foydalanish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblov e’lon qilinib, ularga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Qalbaki hujjatlar asosida, qing‘ir yo‘llar bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga qabul qilingan shaxslar talabalar safidan chiqarildi.