15 noyabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonga kirish elektron vizasini olish uchun murojaat qilgan xorij fuqarolari soni 19820 nafarga yetdi. Bu haqda O‘zA bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Telegram-kanaliga tayanib xabar qildi.

O‘tgan 3 oy ichida dunyoning 49 davlatidan bo‘lgan fuqarolar O‘zbekistonga kirish elektron vizasini olish uchun murojaat qilgan, ulardan 19518 nafariga elektron vizalar taqdim etilgan. 22 kishining murojaati rad etilgan, 280 ta ariza esa ko‘rib chiqilmoqda.

Eng ko‘p Xitoy fuqarolari E-VISA olish uchun murojaat etgan bo‘lib, ularning soni 5601 nafarni tashkil etadi. Shuningdek, Hindiston (2023 nafar) AQSH (1867 nafar), Buyuk Britaniya (1528 nafar) va Fransiya (1018) fuqarolari bu ro‘yxatda ko‘pchilikni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining 4 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga binoan endilikda yurtimizga kirish vizalarini rasmiylashtirish xorijiy mamlakat fuqarolari uchun yanada soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilmoqda.

2018 yil 15 iyuldan boshlab E-VISA berish jarayoni boshlandi va xorijiy fuqarolarning mamlakatga kirish vizasini rasmiylashtirish uchun O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik idoralariga majburiy murojaat etishlari bekor qilindi. Bundan tashqari, xorijiy fuqaroning kirish vizasini olish uchun murojaatini ko‘rib chiqish muddatlari qisqartirildi. Elektron vizani rasmiylashtirish uchun murojaat berish O‘zbekistonga kelish sanasidan uch ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

Elektron viza xorij fuqarosiga 30 kun muddatga O‘zbekiston hududida bo‘lish huquqini beradi va bu viza taqdim etilgan kundan boshlab 90 kun muddat ichida amal qiladi.