Joriy yilda Janubiy Koreyaning Sojong universiteti (Seojeong University) va New Millenium Construction kompaniyasi tomonidan rekonstruksiya qilingan Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 324-davlat maktabgacha ta’lim muassasasi o‘z eshiklarini ochishga qariyb tayyor. «Gazeta.uz» muxbiri tubdan qayta rekonstruksiya qilingan MTMdan reportaj tayyorladi.

Bolalar bog‘chasi hududi va binosi uzoq yillar davomida tashlandiq holatda foydalanilmasdan yotdi. Endilikda esa MTM to‘liq rekonstruksiya qilinib, u yerda «yangicha ta’limiy muhit» yaratildi, deya ta’kidladi mudira Gulnoza Omonova.

Muassasada yangidan qurilgan tutash binoga oshxona, yemakxona hamda faollar, o‘yin yoki sport maqsadlarida sifatida foydalanishga mo‘ljallangan zal joylashtirildi.

MTM mebellar, sport va o‘yin uskunalari, o‘quv-metodik materiallar, o‘yinlar va o‘yinchoqlar, hatto bolalar tish shyotkalari uchun sterilizatorlar bilan jihozlandi. Bularning barchasi homiylar tomonidan Janubiy Koreyadan sotib olinib, olib kelindi.

Moddiy-texnik baza qo‘shimcha ta’limiy xizmatlar (ijodiy to‘garaklardagi mashg‘ulotlar va boshqalar) hisobidan yangilanadi, deya aniqlik kiritdi MTM xodimasi Yekaterina O.

Bolalar bog‘chasida musiqa bilan shug‘ullanish uchun alohida zal tashkil etilgan bo‘lib, u yerda barabanlar, elektron pianino, musiqiy o‘yinchoqlar va ta’limi materiallar mavjud. San’at xonasida esa bolalar rasm chizish bilan shug‘ullanishi yoki boshqa ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishlari mumkin.

Yotoqxona yengil yog‘och karavotlar bilan ta’minlangan. MTMda, qoidaga ko‘ra, uxlashni xohlamagan bolalar yotishga majbur qilinmaydi.

Oshxonada bolalar maxsus xavfsiz plitalarda ovqat tayyorlashni mashq qilishlari mumkin.

Hovlida esa kichik futbol maydoni, yo‘laklar, bolalar maydonchalari, shiyponchalar bunyod etilgan.

MTMning yil so‘ngiga qadar 100 nafar tarbiyalanuvchi — maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari hamda Habib Abdullayev mahallasida yashovchi oilalar farzandlarining qabul qilinishi kutilmoqda.

Unda to‘rtta guruhning (3−4, 4−5, 5−6 va 6−7-yoshdagi bolalar) har birida 25 nafardan bola ta’lim oladi. Mazkur MTMga «yagona darcha» tizimi orqali navbatga qo‘yish hozircha yo‘lga qo‘yilgani yo‘q, deya aniqlik kiritdi Gulnoza Omonova.

324-MTM pedagoglarni o‘qitish va tajriba almashish uchun maydoncha vazifasini ham bajaradi. Bu yerda Toshkentda 2019 yilda filiali ochilishi rejalashtirilayotgan Sojong universiteti talabalari va o‘qituvchilari uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

O‘zbekistonning boshqa hududlaridan ham maktabgacha ta’lim tizimi pedagoglari MTMga tashrif buyurib, undagi ta’lim muhiti va jarayonlar bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi.