10 noyabr kuni O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri, iste’fodagi general-polkovnik Rustam Axmedov 75 yoshni qarshiladi. Yubiley munosabati bilan Mudofaa vazirligi markaziy apparatida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Bayram tadbirida O‘zbekiston prezidenti tomonidan yo‘llangan tabrik maktubini prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, iste’fodagi general-polkovnik Rustam Axmedov prezident farmoniga binoan «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Tadbirda O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov so‘zga chiqib, Rustam Ahmedovning o‘zbek xalqi va O‘zbekiston oldidagi buyuk xizmatlarini, jumladan, milliy armiyani yaratish va uni saqlab qolishdagi ulkan mehnatini alohida e’tirof etib, mustaqil O‘zbekistonning birinchi mudofaa vazirini tabrikladi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari faxri bo‘lgan ustozga Mudofaa vazirligining esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Tantanali marosimda MDHga a’zo mamlakatlardan vakillar, jumladan, Rossiya Federatsiyasidan iste’fodagi general-leytenant Gennadiy Borisov, Qirg‘izistondan iste’fodagi general-mayor Risbek Mirzamatov, polkovnik Janibek Kaparov hamda polkovnik Erkin Osmanov ishtirok etib, yubiley egasini qutlug‘ 75 yosh bilan muborakbod etdi.

Rustam O‘rmanovich Axmedov 1943 yilda Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida tug‘ilgan. Qo‘qon shahridagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish va elektrifikatsiyalash texnikumini tamomlagan. 1962−1965 yillar davomida Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtida tahsil olgan.

Xizmat faoliyati davomida O‘zbekiston Mudofaa ishlari bo‘yicha vazir — milliy gvardiya qo‘mondoni (1991 yil), O‘zbekiston mudofaa vaziri (1992−1997 yy.), O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri (1997−1998 yy.) lavozimlarida xizmat qilgan.

2018 yilning yanvar oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga asosan, mudofaa vazirining maslahatchisi etib tayinlangan va hozirgi kunda ushbu lavozimda faoliyat ko‘rsatmoqda.