O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan imzolangan hujjatlar (farmon, qaror, farmoyish va bayonnomalar)da belgilangan topshiriqlarning o‘z vaqtida ijrosi ta’minlanishi Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Biroq, ayrim hollarda topshiriqlar ijrosiga mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar va mutaxassislar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni belgilangan muddatda, sifatli bajarilishiga e’tiborsizlik bilan qaraganligi oqibatida ijro intizomi buzilishi hamda rejalashtirilgan tadbirlarning amalga oshirilishi kechikishiga yo‘l qo‘yilgan. Bu haqda viloyat prokuraturasi bo‘limi boshlig‘i M.Bahritdinovning «Zarafshon» gazetasi saytida chop etilgan maqolasida to‘xtalib o‘tilgan.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 29 martdagi qaroriga asosan «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan mahallalarga tutash 53 km. yo‘llarni ta’mirlash joriy yilning 1 oktyabriga qadar yakunlanishi lozim edi. Ammo ushbu topshiriq ijrosiga Samarqand, Urgut, Narpay, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot va Ishtixon tumanlari yo‘llardan foydalanish unitar korxonalari rahbarlari mas’uliyatsizlik bilan yondashgani oqibatida belgilangan ishlar o‘z muddatida bajarilmadi. Natijada ularga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ishlar qo‘zg‘atildi.

Prezident hujjatlari va topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarmagan 5 nafar tuman hokimlari va o‘rinbosarlari, shuningdek, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Maktabgacha ta’lim, «O‘zbekenergo», «Suvoqova», Bandlikka ko‘maklashish, Sog‘liqni saqlash va O‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari, tijorat banklarining viloyat va tuman hududiy bo‘limlari, Hunarmandlar uyushmasi, Irrigatsiya tarmog‘ining rahbar va mas’ul xodimlari, jami 58 nafar mansabdor shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi. 17 nafariga qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantiruvlar e’lon qilinib, qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida viloyat hokimiga taqdimnoma kiritildi.

Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan 337 ta hujjatda Samarqand viloyatiga taalluqli 2111 ta topshiriqlar berilgan bo‘lib, shu paytgacha ulardan 1445 tasining ijrosi ta’minlangan, 648 tasi esa bajarilmoqda.

397 banddan iborat 628 ta topshiriq prezidentning 2017 yil va 2018 yilning 17−18 mart kunlari viloyatga tashrifi davomida berilgan bo‘lib, 2018 yil 1 noyabr holatida ijro muddati kelgan 419 ta topshiriqlardan 409 tasining bajarilishi ta’minlangan.

Ijro muddati yaqinlashayotgan topshiriqlar bo‘yicha mutasaddi tashkilot va muassasa rahbarlariga doimiy ravishda eslatma va ogohlantiruv xatlari yuborilib, ularning mas’uliyatini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Shu o‘rinda ayrim mansabdor shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 5 oktyabrdagi «Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori talablarini eslatib qo‘yish joiz. Mazkur qaror talablariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlariga vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qarorlari va topshiriqlarining samarali ijro etilishi yuzasidan tegishli prokuror nazoratini ta’minlash hamda ularni to‘liq bo‘lmagan holda va kechiktirib bajargan shaxslarga nisbatan qat’iy javobgarlik choralari ko‘rilishi belgilangan.