Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va yo‘l infratuzilmalarni tashkil etish sohasida davlat-xususiy sherikchilikni joriy etish rejalashtirilmoqda. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini tayyorladi, hujjat 14 noyabrga qadar jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq.

Loyihaga ko‘ra, investor va tadbirkorlik sub’ektlariga quyidagilar taklif etilmoqda:

  • magistral yo‘l uchastkalari yangi yo‘l infratuzilmalarini yaratish bo‘yicha investitsion majburiyatlarni qabul qilish bilan — 30 yilgacha muddatga;
  • integratsiyalashgan yo‘l harakati monitoringi hamda shaxslar va transport vositalari davlat raqamlarini aniqlovchi intellektual videokameralar tizimlarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun yo‘l uchastkalari — 10 yilgacha muddatga;
  • avtomobillar yoqasida avtoturargoh avtomatlari va informatsion, avtomototransport vositalarini joylashtirganlik uchun to‘lov qoidalarini qayd etish tizimlari bo‘lgan pulli avtoturargohlarni tashkil etish uchun yer uchastkalari — 10 yilgacha muddatga;
  • joylardagi davlat tasarrufidagi, jumladan bozor va savdo majmualarga tutash hududlardagi avtomobil turargohlari, ular bazasida avtoturargoh avtomatlari va informatsion, avtomototransport vositalarini joylashtirganlik uchun to‘lov qoidalarini qayd etish tizimlari bo‘lgan pulli avtoturargohlarni tashkil etish uchun — 10 yilgacha muddatga;
  • yo‘l infratuzilmalari ob’ektlari, jumladan haydovchi va yo‘lovchilar dam olishi uchun joylar, kempinglar, motellar, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash nuqtalari, AYOQSH va boshqalar qurilishi uchun yer uchastkalari avtomobil yo‘llari yoqalari hududlarini obodonlashtirish bo‘yicha majburiyatlarni zimmasiga olish sharti bilan — 10 yilgacha muddatga.

Bunda pulli magistral yo‘llar bilan bir qatorda umumiy foydalanishdagi muqobil avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lishi majburiydir. Pulli avtomobil yo‘llaridan foydalanish uchun kunduzgi va tungi vaqtlar hisobga olingan holda to‘lovlarning differensial shakllari va hajmlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Pulli magistral yo‘llarda ruxsat berilgan eng yuqori tezlik belgilangandan 20 km/s yuqori bo‘ladi.

Investorlar tomonidan joriy etiluvchi yo‘l harakati monitoringi va intellektual videokameralar tizimlari huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlarni onlayn tarzda yetkazish uchun IIV YHXBB «Ma’muriy amaliyot» avtomatlashtirilgan axborot tizimlari majmualariga ulanishi lozim.

Intellektual videokameralar qayd etgan YHQ buzilishlari uchun jarimalarning 20 foizdan kam bo‘lmagan qismi — davlat byudjetiga, yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish maqsadlari uchun 20 foizi — mahalliy byudjetiga, 30 foizi esa IIV byudjetdan tashqari jamg‘armasiga, 30 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi xususiy sherikka yo‘naltiriladi.

Pulli turargohlardan tushgan mablag‘larning 30 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish uchun mahalliy byudjetga, 70 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi esa xususiy sherikka yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Investorlar 2022 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, dasturiy ta’minot va qurilish materiallarini olib kirishda bojxona to‘lovlari hamda O‘zbekiston norezidentlari amalga oshirgan ishlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.