3 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasida 2018 yilning kutilayotgan yakunlari hamda O‘zbekistonning 2019 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi, soliq va byudjet siyosati konsepsiyasi, Davlat byudjeti loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi, deya xabar qildi O‘zA. Hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi.

2019 yildan boshlab Davlat byudjetini prognoz yil uchun va byudjet mo‘ljallarini kelgusi ikki yil uchun tasdiqlash orqali byudjetni o‘rta muddatli rejalashtirish mexanizmi joriy etilayotgani ta’kidlandi.

Prezidentning 29 iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan soliq siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlari doirasida 2019 yildan e’tiboran:

1) ish haqi fondiga soliq yuki quyidagicha kamaytirilmoqda:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasining 12 foiz miqdorida o‘rnatilishi va fuqarolarning majburiy sug‘urta badallarining (ish haqidan 8 foiz) bekor qilinishi natijasida «qo‘lga» tegadigan ish haqi miqdori o‘rtacha 6,5 foizga oshadi;
  • ish haqi fondidan yagona ijtimoiy to‘lov miqdori 12 foizgacha pasaytirilmoqda;

2) davlat maqsadli jamg‘armalariga aylanmadan (oborotdan) 3,2 foiz miqdorida undiriladigan majburiy ajratmalar bekor qilinmoqda;

3) yuridik shaxslarning foyda solig‘i stavkalari 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun — 22 foizdan 20 foizgacha, dividend va foiz ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan soliq — 10 foizdan 5 foizgacha, yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i — 5 foizdan 2 foizgacha pasaytirilmoqda.

Mazkur choralar natijasida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va jismoniy shaxslar ixtiyorida qariyb 10 trillion so‘m mablag‘ qoladi.

Ushbu choralar bilan bir qatorda yig‘ilish qatnashchilari tomonidan resurslardan oqilona foydalanish va byudjetga tushumlarning to‘liqligini ta’minlashga yo‘naltirilgan soliq siyosatini takomillashtirish sohasidagi qo‘shimcha takliflar atroflicha ko‘rib chiqildi, jumladan:

  • mutlaq miqdorlarda belgilangan soliq stavkalarini indeksatsiya qilish (yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, aksiz solig‘i);
  • sigareta uchun aksiz solig‘i bo‘yicha qat’iy belgilangan stavka bilan bir qatorda advalor stavkasini joriy etish;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari va mehnat faoliyatining hisobi yuritilishi murakkab bo‘lgan shaxslar uchun fuqarolarning sug‘urta badallari o‘rniga yagona ijtimoiy to‘lovlarni joriy etish (sug‘urta badallarining bekor qilinishi sababli);
  • ayrim turdagi foydali qazilmalar (qum, ohak, shag‘al va boshqalar) uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha mutlaq miqdorlarda qat’iy belgilangan eng kam stavkalarni kiritish.

O‘zbekiston Davlat byudjeti xarajatlarida qabul qilingan davlat dasturlari, O‘zbekiston prezidentining mamlakatimiz hududlariga qilgan tashriflari yakunlari bo‘yicha bergan topshiriqlari, shuningdek, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar nazarda tutilgan.

Oldingi yillar kabi 2019 yilda ham ustuvor yo‘nalish sifatida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlari (Davlat byudjeti jami xarajatlarining 54 foizi) saqlab qolinmoqda. Shuningdek, ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorlarini oshirish, shu jumladan, 2019 yil 1 yanvardan:

umumta’lim maktablari o‘qituvchilari va rahbarlari ish haqlarini 10 foizga, malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning ish haqlarini esa tabaqalashgan holda 15 foizdan 25 foizgacha;

mehnatiga kam haq to‘lanadigan byudjet sohasida ishlovchi xodimlar ish haqlarini 5 foizdan 15 foizgacha oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Taklif etilayotgan choralar byudjet sohasida mehnat qilayotgan 360 mingdan ortiq xodimlarni qamrab olishi aytib o‘tildi. Misol uchun, byudjet tashkilotining eng past oylik oluvchi texnik xodimlarining ish haqlari, ustama va qo‘shimchalardan tashqari, 502 ming so‘mdan 577 ming so‘mgacha oshiriladi.

2019 yilgi byudjetda oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari hamda ularning rahbarlari ish haqlarini 1,5 barobarga, davlat muassasalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining ish haqlarini o‘rtacha 26,5 foizga (2018 yilning 1 dekabridan 20 foizga oshirilishiga qo‘shimcha ravishda) oshirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, byudjet sohasida ishlovchi xodimlarning ish haqlarini inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish hamda ijtimoiy nafaqalarni moliyalashtirishga mo‘ljallangan mablag‘larni 20 foizga oshirish hisobga olingan.

Investitsiya xarajatlari 11,9 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Ushbu mablag‘lar O‘zbekiston prezidenti va hukumati qarorlari bilan belgilangan strategik muhim loyihalarni, shu jumladan, ichimlik suvi ta’minoti, suv xo‘jaligi ob’ektlarini, transport-kommunikatsiya infratuzilmalarini hamda ta’lim va tibbiy-ijtimoiy muassasalarni rivojlantirish va rekonstruksiya qilish dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, yig‘ilishda 2019 yilda 12 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilayotgan sog‘liqni saqlash sohasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tibbiyot muassasalarini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida qariyb 1 trillion so‘m, sog‘liqni saqlash sohasidagi asosiy dasturlarni amalga oshirish uchun 661,5 milliard so‘m, zamonaviy diagnostika, laboratoriya va davolash uskunalari bilan jihozlashga 58 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda.

Yagona ijtimoiy to‘lov miqdorining pasaytirilishi va fuqarolarning majburiy sug‘urta badallari va aylanmadan (oborotdan) to‘lanadigan majburiy ajratmalarning bekor qilinishi munosabati bilan yuzaga kelgan byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining taqchilligini qoplash hamda pensiya va nafaqalarning o‘z vaqtida so‘zsiz to‘lanishini ta’minlash maqsadida 4,7 trillion so‘m miqdoridagi subsidiya byudjet xarajatlarida ko‘zda tutilgan.

Arzon uy-joylar qurish bo‘yicha dasturlarni moliyalashtirishda ishtirok etadigan banklarga kredit liniyalari ochish xarajatlariga 3 trillion so‘m miqdorida mablag‘lar rejalashtirilmoqda.

Byudjet jarayonining shaffofligi va oshkoraligini ta’minlash maqsadida Moliya vazirligiga joriy yilning 15 noyabriga qadar «Fuqarolar uchun byudjet» loyihasini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish uchun vazirlikning rasmiy saytiga joylashtirish bo‘yicha zarur choralarni amalga oshirish yuzasidan topshiriq berildi.

Muhokamalar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar rahbarlarining kun tartibidagi masalalar bo‘yicha hisobotlari eshitildi.

Vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari va ijrochi organlar rahbarlariga byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish, byudjet daromadlarining o‘z vaqtida va to‘liq tushumini ta’minlash, hududlardagi davlat soliq va moliya organlari bo‘limlariga byudjet daromadlari bazasini kengaytirish va qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.