Oktyabr oyida mamlakatning iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 1,3 foizga ko‘tarildi. Umumiy hisobda 10 oy davomida iste’mol sektorida inflyatsiya darajasi 9,5 foizni tashkil etdi, deya xabar qildi O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi.

Tovarlar narxi o‘rtacha 9,1 foizga, xizmatlar narxlari esa 10,7 foizga ko‘tarildi.

Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari 2,3 foizga qimmatlashdi. Narxlar ko‘tarilishi borasida tuxum (15,1 foiz), meva va sabzavotlar (8,3 foiz), go‘sht mahsulotlari (1,1 foiz) va non mahsulotlari (0,9 foiz) yetakchilik qildi.

Meva va sabzavotlar orasida eng ko‘p karam (50,3 foiz), bodring (32,1 foiz), kartoshka (24,1 foiz), sabzi (19,1 foiz), piyoz (7,9 foiz) qimmatlashdi.

Shuningdek, kiyim-kechak (1,2 foiz), oyoq kiyimi (0,9 foiz), aloqa vositalari va maishiy tekstil (0,7 foiz), qurilish materiallari (0,4 foiz) va avtomobil yoqilg‘isi (0,3 foiz) narxlari ham oshdi.

Statistika qo‘mitasining qayd etishicha, nooziq-ovqat mahsulotlari, birinchi navbatda import qilinayotgan mahsulotlar (kiyim, oyoq kiyimi, aloqa vositalari, shaxsi gigiyena mahsulotlari va boshqalar) narxlari oshishiga milliy valyuta kursining pasaygani ta’sir qildi. O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 15 sentyabrdan 15 oktyabrga qadar dollar kursi 4,1 foizga (7862 dan 8181,08 so‘mgacha) oshdi.

Oktyabrda aholi uchun xizmatlar tariflari 0,5 foizga o‘sdi. Uning o‘sishiga yo‘lovchi transporti xizmatlari tariflari (1,4 foiz) va maishiy xususiyatga ega xizmatlar (1 foiz) narxlarining o‘sishi asosiy ta’sir ko‘rsatdi.