Hukumatning 22 oktyabrdagi qarori bilan xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritildi, deya xabar qildi Adliya vazirligi «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga quyidagi faoliyat turlari qo‘shildi:

ko‘chmas savdo ob’ektlarida aralash chakana savdo qilish (vaqtincha joylashgan va mavsumiy yoki maqsadli hususiyatga ega bo‘lgan, shuningdek, ish kuni tamom bo‘lganidan keyin ob’ektni demontaj qilinishi va ko‘chirilishini talab etuvchi ob’ektlarda);

duradgorlik ishlari (aholi buyurtmalari bo‘yicha duradgorlik ishlarini amalga oshirish);

metallni ta’mirlash ishlari (uy sharoitida metalldan tayyorlangan maishiy buyumlarni ta’mirlash (kalitlarning dublikatlarini tayyorlash, soyabonlarni ta’mirlash, boshqa maishiy metall buyumlarni oddiy ta’mirlash);

yog‘och me’morchiligi (bolalar maydonchalari va park zonalari uchun yog‘ochdan yasalgan qurilmalar, haykallar);

gazlamalarga naqshlar solish (gazlamalar v akiyim ashyolarini qo‘lda bo‘yash, gazlamalarga, shu jumladan trafaretli bosma va qo‘lda rasm chizish usuli bilan rasmlar solish).