1 oktyabr kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro A.G‘.ning «Kobalt» rusumli avtomashinasida gashish giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, A.G‘. qo‘lga olingan. Shu vaqtda, fuqaro xodimga mazkur holatni qonuniy chora ko‘rmasdan hal etishni so‘rab, unga 10 000 AQSH dollarini pora sifatida taklif etgan.

O‘zbekiston IIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, mazkur holat yuzasidan xodim o‘z rahbarlariga xabar bergan va shu yilning 2 oktyabr kuni ichki ishlar hamda prokuratura organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida fuqaro A.G‘. xodimga Namangan shahrining «Yangiqo‘rg‘on» ko‘chasida 9 050 AQSH dollarini pora sifatida bermoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.