O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 oktyabr kuni elektr energetikasidagi ishlar ahvolini chuqur tahlil qilish, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

«Elektr energetikasi iqtisodiyotning „motori“ bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni, umuman hayotni bu sohasiz tasavvur etib bo‘lmaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Mamlakatimizda jami 14 ming megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari mavjud bo‘lib, shundan 86 foizi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi».

Biroq, issiqlik elektr stansiyalari quvvatlarining 84 foizi qariyb yarim asr avval ishga tushirilgan bo‘lib, mavjud quvvatlar bor-yo‘g‘i 83 foizga ishlamoqda.

Rivojlangan davlatlarda 1 kilovatt energiya ishlab chiqarish uchun 240−260 gramm yoqilg‘i sarflansa, mamlakatimizdagi ayrim stansiyalarda 2 barobar ko‘p yoqilg‘i sarflanadi.

Iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab 2030 yilga borib 20 ming megavattga yetadi.

Mamlakatda elektr energiyasi asosan tabiiy gazni yoqish evaziga ishlab chiqariladi. Gaz resurslari cheklangan bugungi sharoitda 2030 yilga borib uni yanada ko‘proq sarflash — tiklanmaydigan tabiiy resurslarning juda katta miqdorini uvol qilish, ya’ni arzonga yoqish deganidir.

«Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi yoqilg‘i sarfini qisqartirish bo‘yicha revolyutsion yechimlardan biri bo‘ladi, biroq buning uchun hali 8−10 yil kerak. Shuning uchun mavjud muammolarni tezroq bartaraf etish va tarmoqni tubdan rivojlantirish, eng muhimi, qisqa davrda tizimda sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlash kerak, — dedi Prezidentimiz.

Yig‘ilishda 2030 yilga borib qo‘shimcha talab etiladigan 12,5 ming megavatt quvvatlarni yaratish chorasini ko‘rish, jumladan, bug‘-gaz qurilmalari, atom elektr stansiyasi, gidro-elektrstansiya qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, Sirdaryo, Toshkent, Navoiy, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalaridagi energobloklarni yangilash, shuningdek davlat-xususiy sherikchilikni elektr energiyasi tizimiga joriy qilish orqali zarur bo‘ladigan quvvatlarni qoplash bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Shuningdek 3,9 ming megavattli bug‘-gaz va gaz-turbina qurilmalarini hamda Angren shahrida va Surxondaryo viloyatida ko‘mirda ishlovchi issiqlik elektr stansiyalari, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish choralarini ko‘rish bo‘yicha Investitsiya qo‘mitasi, «O‘zbekenergo» jamiyatiga tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda elektr energiyasi ishlab chiqarish yangi ob’ektlarini qurishni jadallashtirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.

Shuning uchun, kelgusi yildan elektr energiyasi sotishdan tushadigan mablag‘larning 15 foizini investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va kreditlarni qaytarish uchun yo‘naltirish lozimligi ta’kidlandi.

Moliya vazirligi, Investitsiya qo‘mitasi va O‘zbekenergo aksiyadorlik jamiyatiga loyihalarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«Tizimda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari uchun ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorni jalb qilishni taqozo qilmoqda. Lekin, na normativ-xuquqiy baza va na texnik infratuzilma bunga tayyor emas. Misol uchun, hanuzgacha xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini energotizimga qabul qilish masalasi hal etilmagan. Oddiy misol, Turkiyada 60 foiz, Koreyada 20 foiz elektr energiyasi xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladi, — dedi prezident.

Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat raqobat qo‘mitasi va O‘zbekenergo aksiyadorlik jamiyatiga jalb qilingan xalqaro ekspertlar xulosalari asosida xususiy sektorni sohaga jalb qilish, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik mexanizmining huquqiy, institutsional, texnologik asoslari ishlab chiqilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda foydalanish muddati 30 yildan oshgan tarmoqlarning ulushi 62 foizni tashkil etayotgani, taqsimlovchi tarmoqlarda liniyalarning 57 foizi va 39,6 mingta transformator punktlari yangilanishi zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

2017−2021 yillar uchun belgilangan Dasturga asosan joriy yilda 34 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 7 ming ta transformator punktlarida, 2019 yilda 7 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 2 ming ta transformatorlarni modernizatsiya qilish lozim.

Shuning uchun O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va O‘zbekenergo aksiyadorlik jamiyatiga Dasturda belgilangan tadbirlarni barqaror moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlash yuzasidan topshiriq berildi.

«O‘zbekenergo» jamiyatining investitsiya majburiyatlarini bajarish maqsadida uni moliyaviy mustahkamlash bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish topshirildi. Shu jumladan, O‘zbekenergo jamiyatining Tiklanish va tarraqiyot jamg‘armasiga 2019−2021 yillarda asosiy qarzni qaytarish muddatlarini 3 yilga uzaytirish bo‘yicha yengilliklar berish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Yetkazilgan elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorliklarni undirish samaradorligini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi. Majburiy ijro byurosi elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijadorligini yanada oshirishi kerakligi qayd etildi.

Energiya resurslarini avtomatlashtirilgan hisobini yuritish tizimini joriy qilish paysalga solib kelinayotgani tanqid qilindi.

Misol uchun mazkur tizimni Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida joriy etish bo‘yicha chet el kompaniyasi bilan imzolangan shartnomaning qiymati qayta ko‘rib chiqilishi munosabati bilan uni amalga oshirish tasdiqlangan reja-jadvaldan 15 oyga kechikkani qayd etildi.

Bu borada O‘zbekenergo, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi 1,4 mln nafar iste’molchilarni avtomatlashtirilgan tizimga ulash ishlarini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Boshqa hududlarda 2019−2021 yillarda Osiyo taraqqiyot banki kreditlari hisobidan avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish, avtomatik boshqaruv tizimining yagona markazini tashkil etish, kelgusi 3 yilda 5,6 mln dona zamonaviy elektr hisoblagichlarni o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezident qo‘shni davlatlar energiya tizimlariga tranzit xizmati ko‘rsatish, buning uchun qo‘shni davlatlar bilan muzokaralarni yo‘lga qo‘yib, respublikaning tranzit va eksport salohiyatidan unumli foydalanish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi bo‘yicha tegishli vazirlik va mutasaddilarga topshiriq berdi.

Energiya ishlab chiqaruvchi yangiquvvatlarni yaratish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish «O‘zbekenergo» jamiyatining asosiy vazifasi bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Sohani jadal rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Elektr energetika sohasi faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.