O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi hamkorligi va «Eriell» kompaniyasi homiylik ko‘magida tashkil etilgan media-ivent dasturi doirasida Markaziy va Janubiy Osiyoning ikki yirik davlati xalqlari o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlik mavzusiga bag‘ishlangan turkum tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

25 sentyabr kuni Hindiston Milliy muzeyida ochilgan «O‘zbekiston-Hindiston: madaniyatlar muloqoti» ko‘rgazmasi ushbu mamlakat jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, mamlakatimizning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi F.Arziyev, Hindiston madaniyat vazirining o‘rinbosari A.Goel, Hindiston Milliy muzeyi direktori B.Mani va boshqalar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘pqirrali azaliy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishda yangi istiqbollar ochishini ta’kidladi. Milliy muzeyda ochilgan va bir oy davom etadigan qo‘shma ko‘rgazma Hindistonda o‘zbek xalqining boy madaniy-ma’rifiy merosi haqida yanada keng va chuqur tasavvur shakllanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, turli yo‘nalishlar, jumladan, madaniy-ma’rifiy sohada samarali xalqaro hamkorlik qilish uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida hujjatli film namoyish etildi.

— Bugun har bir soha vakillari O‘zbekistondagi hamkorlari bilan yangi loyihalarni hayotga tatbiq qilishga intilishmoqda, — deydi Hindiston Milliy muzeyi ilmiy xodimi Katibur Rahmon. — Biz ham ushbu ko‘rgazmani tashkil qilganimizdan mamnunmiz. Muzeyimizda saqlanayotgan hamda o‘zbek xalqi davlatchiligi tarixi, boy madaniy merosi bilan bog‘liq eksponatlar, Xudo Baxsh va Rampur Raza kutubxonalaridagi noyob qo‘lyozmalarning asl nusxalari, shuningdek, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining «O‘zbekiston madaniy merosi mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l» loyihasi doirasida chop etilgan turkum kitoblar ko‘rgazma eksponatlarini tashkil qildi.

O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan rasmiy qabul marosimida ham o‘zaro madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z ketdi. Ikki davlat rasmiy va akademik doiralari vakillari Hindistonning turli muzey va kutubxonalarida saqlanayotgan va xalqlarimiz rishtalarini bog‘lab turgan ko‘plab noyob hujjatlarni birgalikda tadqiq qilish, keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilish masalalariga e’tiborni qaratdi.

— Kutubxonamizda o‘zbek xalqining madaniy merosiga oid 200 dan ortiq qo‘lyozma saqlanmoqda, — deydi Xudo Baxsh kutubxonasi direktori vazifasini bajaruvchi Robert Chongtu. — O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi arafasida biz mazkur asarlar katalogini chop etdik.

— Kutubxonamizda Bobur devonining noyob qo‘lyozma nusxasi saqlanmoqda, — deydi Rampur Raza kutubxonasi direktori, professor Sayid Hasan Abbos. — Hind xalqi uchun mazkur qo‘lyozmaning ahamiyati shundaki, unda Bobur tomonidan hind tilidagi so‘zlar ishlatilgan. Masalan, «roti» (non) va «pani» (suv) so‘zlari. Qo‘lyozma sahifalarida Bobur o‘z qo‘li bilan kiritgan tahrirlar mavjud. Ushbu tahrirlarning haqiqiyligi uning avlodlaridan biri — Jahongir tomonidan yozma tarzda tasdiqlangan. O‘zbek xalqi madaniy merosi bilan bog‘liq barcha tarixiy qo‘lyozmalar va hujjatlarni o‘rganish uchun kutubxonamiz xodimlari birgalikdagi ishlarni yanada faollashtirishga tayyor.

«Madaniy meros — O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi muloqot ko‘prigi» mavzusidagi ilmiy seminarda ikki mamlakat taniqli olimlari o‘zaro hamkorlikni yanada mazmunan boyitish, yangi loyihalar ustida ishlash, ilmiy-ma’rifiy almashinuvni faollashtirish istiqbollarini muhokama qildi.

— «O‘zbekiston madaniy merosi mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l» loyihasi doirasida 13 boblik «O‘zbekiston me’moriy epigrafikasi» va 10 boblik «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo san’at xazinalarida» nashrlari va boshqa qator kitoblar chop etildi, — deydi O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari assotsiatsiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov. — Hindistonlik hamkorlar bilan ushbu yo‘nalishda yangi nashrlar tayyorlashga, mazkur jarayonga ikki davlat olim va mutaxassislarini jalb qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Media-ivent doirasida, shuningdek, Dehlidagi Javaharlal Neru va Jamiya Milliya universitetlari, Hindiston islom madaniyati markazida bo‘lib o‘tgan anjumanlarda ham hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilab olindi.