Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi va jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasida firibgarlikka qo‘l urgan ayolning ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining sudyasi Hamid Shamshiyev «Gazeta.uz"ga ma’lumot berdi.

Olmazor tumanida yashovchi Muazzam Ubaydulla¬yeva ayol ekanligi, oilali, 4 nafar farzandning onasi bo‘lishiga qaramay, takror-takror firibgarlikka qo‘l urdi. Xususan, u 2014 yil 18 mart kuni tumanning Sag‘bon-Forobiy ko‘chasidagi ko‘p qa¬vatli 6-uyda yashovchi K. Hoshimovning «Matiz» rusumli avtomashinasini 9 000 AQSH dollariga sotib olishga kelishadi. So‘ng 4 000 AQSH dollari berib, qolganini bir oy muddatda berishga va’da qilgan holda avtomashinani olib ketadi.

Lekin avtoulovni boshqa shaxsga sotsa-da, pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuboradi. K. Hoshimovga qarzini to‘lashni esa, «unutib» qo‘yadi.

Oradan uch oydan ko‘proq vaqt o‘tgach, Muazzam yuqorida qayd etilgan manzilda istiqomat qiluvchi N. Kamolovni ham xuddi shunday usulda chuv tushiradi. Ya’ni uning «Spark» rusumli avtomashinasini 12 000 AQSH dollariga baholab, shu zahotiyoq 4 000 AQSH dollarini sanab beradi. Qolgan 8 000 AQSH dollarini 2 oy ichida berishini aytadi.

Biroq avtomashinani sotgach, N. Kamolovning pulini berishni xayoliga ham keltirmaydi.

Buni qarangki, M. Ubaydullayevaning firibgarligidan aziyat chekkan faqat K. Hoshimov va N. Kamolovlargina emasdi. Negaki, «qahramon"imiz 2014 yil iyul oyining o‘zida ularning yana 4 nafar qo‘shnisidan turli rusumdagi avtomashinalarni yarim nasiyaga sotib olib, oxir-oqibat aldab ketadi. Muazzamning yana bir ustamonligini ko‘ringki, u barcha avtomashinalarni jiyani Jahongir Habibullayev, singlisi Madina Abdullayeva va o‘g‘li Sardor Ubaydullayevlarning nomiga rasmiylashtiradi. Ammo avtomashinalar oldi-sotdisidan qarindoshlari va farzandini deyarli manfaatdor qilmaydi.

Oradan 4 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay, M. Ubaydullayeva ham qilmishlari uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Ya’ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «b"-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi tomonidan qonuniy jazo tayinlandi. Lekin jabrlanuvchilar ushbu jinoyatda J. Habibullayev, M. Abdullayeva va S. Ubaydullayevni ham aybdor ekanliklarini bildirib, jinoyat ishini qaytadan ko‘rib chiqish yuzasidan apellyatsiya shikoyati berishdi.

Apellyatsiya instansiyasi sud majlisida guvoh tariqasida so‘roq qilingan J. Habibullayev, M. Abdullayeva va S. Ubaydullayev M. Ubaydullayevaning iltimosiga muvofiq avtomashinalarni o‘zlarining nomiga rasmiylashtirgani, biroq pul oldi-berdisiga aralashmagani va hech qanday manfaatdor bo‘lmaganini ma’lum qilishdi. Qolaversa, dastlabki tergov davrida ham ushbu shaxslarning jinoyatga aloqadorligi atroflicha tekshirilib, ularning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli jinoyat ishining shu qismi harakatdan tugatilgan. Binobarin, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sud hukmini o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirdi.

Eslatish o‘rinli, 2016 yil 26 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunga binoan, Jinoyat kodeksining 168-moddasida nazarda tutilgan firibgarlik jinoyati uchun jazo choralari oshirildi.

Mazkur o‘zgartishga ko‘ra, firibgarlik jinoyatiga qo‘l urganlik uchun yuqoridagi moddaning 1-qismi bo‘yicha jazo muddati avvalgi 6 oy qamoqdan 3 yil ozodlikdan mahrum qilishgacha, tegishli tartibda 2-qismi uchun 3−5 yilgacha, 3-qismi uchun 5−8 yilgacha, 4-qismi uchun esa, 8−10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha oshirildi. Bu esa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari himoyasini kuchaytirish, jazoning adolatliligi tamoyilini ta’minlash, shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.