Jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlari sovrindori Shahram G‘iyosov Londondagi mashhur «Uembli» stadionida professional ringdagi beshinchi jangini o‘tkazdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekistonlik bokschiga nikaragualik Xulio Laguna raqiblik qildi. Sakkiz raundga mo‘ljallangan bahs to‘rtinchi raunddayoq nihoyasiga yetdi. Shahram to‘rtinchi raundda zarbalar seriyasini ijro etdi va raqibini muddatidan oldin mag‘lubiyatga uchratdi.

Shu tariqa, Shahramning professional boksdagi g‘alabalari soni beshtaga yetdi.

Qayd etish lozimki, Laguna Shahramning faoliyatida to‘qnash kelgan eng jiddiy raqiblardan biri edi. Bungacha u prof ringda 14ta jangda ringga chiqib, ularning barchasida g‘alaba qozongandi. 10 ta jangda esa raqiblarini nokautga uchratgandi. G‘iyosov esa unga faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatni taqdim etdi.