2018 yil 29 avgust kuni Adliya vazirligida adliya vaziri o‘rinbosari A.Toshqulovning Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlarining O‘zbekistondagi vakolatxonasining davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi guvohnomani topshirish tadbiriga kelgan AQSHning O‘zbekistondagi elchisi P.Spartlen bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumki, 2018 yil 15−18 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev AQSHga rasmiy tashrif buyurdi.

Tashrif chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev AQSH prezidenti Donald Tramp bilan tor va keng doirada o‘tkazilgan muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinishi bilan birga kelgusida ikki davlatlar o‘rtasida ta’lim sohasida ham o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda munosib hissa qo‘shishga qaratilgan Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlarining O‘zbekistonda tashkil etilishi ijobiy qabul qilindi. O‘z navbatida mazkur masala bo‘yicha AQSH prezidenti D.Tramp O‘zbekistonda ingliz tililini o‘qitish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishda AQSH tomonidan yaqindan amaliy yordam berilishi haqida ishontirgan.

Ustavga muvofiq ushbu tashkilotning asosiy maqsadi:

Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni va yakdillikni mustahkamlash;

Talabalar, magistrantlar va o‘qituvchilar uchun xalqaro ta’lim almashinuvlari va amaliyotlarini tashkil etish;

Amerika ta’limi dasturlari bo‘yicha tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalarga bevosita aloqadar bo‘lgan mutaxassislarni jalb etgan holda universitetlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamalashga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish;

P.Spartlen O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni e’tirof etib, uning mamlakatiga buyurilgan oliy darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan hamma kelishuvlar so‘zsiz amalga oshirilayotganligi alohida ta’kidlab, vakolatxonaning ro‘yxatdan o‘tkazishida ko‘rsatilgan ko‘mak uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Shu bilan birga tadbir jarayonida ishtirok etgan vakolatxona ishonchli vakillari tomonidan kelgusida Vakolatxonaning faoliyati ikki tomonlama munosabatlarning mustahkamlanishiga hamda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida ta’lim sohasida samarali huquqiy asos yaratishi ta’kidlandi.