O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Tojikistonning bir guruh davlat va jamoat arboblari, madaniyat, fan va sog‘liqni saqlash sohalari vakillarini mukofotladi.

Qohir Rasulzoda — Tojikiston bosh vaziri va Sirojiddin Muhriddin — Tojikiston tashqi ishlar vaziri «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.

Nizom Qosim -Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi raisi va Tashpulat Gulmurodov — Tojikiston Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari malakasini oshirish institutining kardiojarrohlik kafedrasi mudiri «Mehnat shuhrati» ordeniga munosib ko‘rildi.

Ali Muhammadiyev — Tojikiston Fanlar akademiyasi Qo‘lyozmalar merosi fondining bo‘lim mudiri, Iftixor Shirindjonovich Djurayev — Tojikiston Geodeziya va yer boshqaruvi davlat qo‘mitasining chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish davlat geodeziya nazorati inspeksiyasi boshqarma boshlig‘i, Raxim Marupov — Tojikiston Fanlar akademiyasining S.Umarov nomidagi fizika va texnika instituti bosh xodimi, Hasan Berdiqulov — Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.

Adham Xoliqov — «S.Ayniy nomidagi opera va balet akademik teatri» davlat muassasasi badiiy rahbari hamda Davlat Xolov — Tojikiston hukumati huzuridagi Televideniye va radio qo‘mitasining «Falak» davlat ansambli badiiy rahbari «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoni bilan mukofotlandi.

«Qardosh O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, mushtarak tarixiy meros, ma’naviy qadriyat va an’analarni asrab-avaylash va boyitish borasidagi faol va samarali faoliyati, mamlakatlarimiz orasida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik va ko‘p tomonlama strategik sherikchilikni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun quyidagilar ordenlar va faxriy unvonlar bilan mukofotlansin», — deyiladi hujjatda.